O‘zbekistonda Italiyaning Tushia universiteti (Tuscia University) filiali ochiladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Mamlakatning Italiyadagi elchisi Abat Fayzullayev universitet rektori Stefano Ubertini bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda Ubertini O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan qo‘shma universitet kampusini tashkil etish to‘g‘risida kelishuv imzolaganini maʼlum qildi.

Filial Samarqand agroinnovatsiya va ilmiy tadqiqot institutida faoliyat yuritadi. Ta’kidlanishicha, kelishuv shartlarini bajarish bo‘yicha tegishli ishlar boshlab yuborilgan.

Uning aytishicha, universitet filialining rasmiy ochilish marosimi joriy yilning 30-sentabr kuni o‘tkaziladi. Universitetda o‘quv yili 2026-yil yanvardan boshlanadi.

“Italiya universitetlari qatorida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha tarixda ilk bor Tushianing birinchi xorijdagi filiali O‘zbekistonda ochiladi. Biz bundan juda xursandmiz”, — degan rektor.

Filialda o‘zbekistonlik talabalarga Italiyaning agrar sohadagi ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalari asosida bilim beriladi.

O‘zbekistonning 4 ta hududida texnika universitetlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Nukus, Buxoro, Farg‘ona va Namangandagi bunday universitetlarda yangi yo‘nalishlar ochilib, xorijiy dasturlar joriy qilinadi.

Shuningdek, Toshkentda ToshTech texnika universiteti tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali tashkil etilishi haqida yozgandi.

Maʼlumot uchun, Tushia universiteti 1979-yilda Viterbo shahrida tashkil etilgan. Universitet Italiyaning qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda 8 mingdan ziyod talaba tahsil oladi.