O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat bilan kelishib oldi. Bu haqda prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov LinkedIn’da ma’lum qildi.
Mamlakat Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan bozorga kirish bo‘yicha ikki tomonlama protokollarni imzoladi. Urunov buni “O‘zbekistonning ko‘p tomonlama savdo tizimiga integratsiyalashuvi borasidagi o‘sib borayotgan qo‘llab-quvvatlash va sheriklikning yaqqol belgisi” deb baholadi.
Bundan tashqari, u JSTning yana ikki a’zosi bilan prinsipial kelishuvlarga erishilganini qayd etgan. Prezident vakili tafsilotlar va qaysi davlatlar ekanligiga ochiqlik kiritmagan.
“Ushbu kelishuvlar nafaqat qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarimizni ilgari suradi, balki iqtisodiy hamkorlik, savdoni diversifikatsiya qilish va dunyoning turli mintaqalaridagi hamkorlar bilan mustahkam ishbilarmonlik aloqalarining yangi kanallarini yaratadi. Har bir imzo O‘zbekistonni JSTga to‘laqonli a’zo bo‘lishga yaqinlashtiradi — bu esa iqtisodiyotimiz, mintaqamiz va dunyodagi savdo hamkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi” — deb yozdi Urunov.
Hozirda JST a’zoligi uchun kelishilgan davlatlar soni 29 taga yetdi, 2 a’zo esa asosli ekani qayd etildi. Ikki tomonlama muzokaralarni to‘liq yakunlash uchun yana 3 ta davlat qoldi.
18-sentabr kuni prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazilgani haqida xabar berdi.
Muloqotda “O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi yangi ehtimoliy qiyinchiliklar hamda ishonch va hamkorlikning muhim ahamiyati” haqida ochiq fikr almashildi.
“Ngozi xonimga liderlik va doimiy qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirdim. Bu jahon savdosi uchun muhim davr bo‘lib, O‘zbekiston islohotlar doirasida o‘z majburiyatlarini qat’iyat bilan bajarishda davom etadi”, — deydi Mirziyoyeva.
Joriy yilning may oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.
Bundan tashqari, mayda O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Natijada, mamlakat bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan 24-davlat bo‘ldi.
Iyulga kelib, Shveysariya bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi. Prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov tashkilotga a’zo bo‘lish uchun yana “bir nechta davlat” qolganini qayd etdi.