O‘zbekistonda Kadastr agentligining E-Yer nazorat tizimi davlat yer nazoratini yuritishning yagona elektron platformasi hisoblanadi. Bu haqda prezidentning tegishli qarorida belgilab qo‘yildi.

Davlat yer nazorati Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Kadastr agentligi, Ekologiya vazirligi, Qurilish vazirligi va maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

Hujjat bilan, 2026-yildan yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, ularga tegishli choralar ko‘rishga oid vazifalar ushbu tizim orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekkosmos agentligi bir yilda 2 marta kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali aniqlangan yerga oid qonunbuzarlik ehtimoli yuqori bo‘lgan holatlar bo‘yicha maʼlumotlarni Raqamli hukumat tizimi orqali E-Yer nazorat tizimiga yuboradi.

Qaror bilan yerga oid huquqbuzarlik darajasiga ko‘ra hududlarni toifalarga bo‘lish ham belgilandi. Jumladan:

  • “qizil” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli yuqori hududlar;
  • “sariq” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli o‘rta hududlar;
  • “yashil” toifadagi hudud — yer uchastkalaridan samarasiz foydalanish, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash ehtimoli past hududlar.

Bunda “qizil” toifadagi hududlarda maxsus dronlardan foydalangan holda har chorakda kamida 1 marotaba, “sariq” toifadagi hududlarda maxsus samolyot yordamida har 6 oyda kamida 1 marotaba monitoring kuzatuvlari olib boriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berishga ruxsat berilishi haqida xabar berilgandi.