Avvalroq Qurilish vazirligi korrupsiya haqida gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatov ustidan IIVga shikoyat kiritgani haqida xabar berilgandi. Tadbirkorning fikrlari vazirlik va uning tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotgani aytildi.

Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili ushbu holat nazoratga olinganini ma’lum qildi.

“Tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur holat Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholanadi”, — deyiladi xabarda.

Har bir tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi va ularning huquqlariga rioya etilishi qonun bilan kafolatlangani, tadbirkorlar duch kelgan muammolarni hal etish Biznes-ombudsmanning ustuvor vazifasi ekani qayd etilgan.

Biznes-ombudsman barcha davlat organlarini tadbirkorlarning fikrlarini tinglash va biznes yuritishga to‘sqinlik qiluvchi muammolarni hal etish bo‘yicha konstruktiv yechimlarni birgalikda izlashga chaqiradi.

“Shuni alohida ta’kidlash joizki, tadbirkorlarning ochiq fikr bildirishlari va tanqidiy mulohazalari hukumat islohotlarini yanada takomillashtirishga va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi. Agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, — qayd etiladi xabarda.

Tadbirkorlar qonuniy huquqlari buzilsa yoki faoliyatiga asossiz to‘sqinlik qilinayotgan bo‘lsa, darhol Biznes-ombudsmanning uzluksiz ishlovchi 1100 ishonch telefoni hamda info@biznesombudsman.uz elektron pochtasiga murojaat qilishlari mumklinigi ma’lum qilindi.

“Biz muammo va murojaatlaringizni tinglash hamda ularni hal qilish uchun doimo tayyormiz”, deya xulosa qilingan.

Qurilishga ruxsatnoma berishdagi korrupsiya

29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritgani haqida xabar berilgandi. U sohadagi korrupsion sxemalar haqida so‘zlab, $500 minglik uy qurishda $20 mingdan $100 minggacha pora berish kerakligini qayd etdi. Toshkentda har bir obyektga o‘rtacha $200 ming “qo‘shimcha xarajat” sarflanadi.

Qurilish vazirligi tadbirkor bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, qurilish sohasiga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron tarzda amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etgan.

Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirgan edi. Kadastr idoralari barcha qurilish ishlari tugallanganidan so‘ng ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantirib berishi aytilgandi.

Avvalroq qurilish sohasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.