19-sentabr kuni O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risidagi prezident farmoni (PF-173-son) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Hujjat bilan, aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish 2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, ushbu sanadan 28-fevralga qadar o‘tkaziladi.

Ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi. Tadbir uchun “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari 2025-yil 15-dekabrdan kelasi yil 1-martgacha bo‘lgan davrda jalb etiladi.

Bunda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Milliy statistika qo‘mitasi hamda mas’ul idoralar bilan birgalikda “mahalla yettiligi” tizimi xodimlarini planshetlardan foydalangan holda ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazilishini ta’minlaydi.

Shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari 2026-yilning 15-yanvaridan 31-yanvarigacha o‘z tizimida faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarning census.stat.uz portalida ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, tuman (shahar)larda ro‘yxatga olish shtablari tashkil etiladi va ularning faoliyati nazorat qilinadi.

2024-yilning oktabr oyida O‘zbekistonda aholini ro‘yxatga olishni 2026-yil 15-iyuldan 21-avgustgacha o‘tkazish taklif qilingan edi.

Joriy yilning 11-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. Unda ushbu jarayon kelasi yil boshida o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Birinchi bosqich internet orqali onlayn tarzda, keyingi bosqich esa uyma-uy yurib o‘tkaziladi. Bu usul 1,3 trln so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.

O‘zbekistonda aholini oxirgi marta 1989-yilda ro‘yxatga olingan. Keyinchalik “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinib, aholining har 10 yilda, qishloq xo‘jaligining esa har 5 yilda bir marta ro‘yxatga olinishi belgilandi.

2021-yilda aholi, 2022-yilda qishloq xo‘jaligi sinov tariqasida ro‘yxatga olindi, biroq xalqaro tajribani o‘rganish va zarur sharoitlarni yaratish zarurati tufayli to‘laqonli tadbir keyinga qoldirildi.