O‘tgan hafta oxirida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi korrupsiya haqida gapirgan tadbirkor Usmonjon Abdusamatov ustidan IIVga shikoyat kiritgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, tadbirkorning fikrlari vazirlik va uning tizimidagi xodimlarning shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan. Biroq, vazirlikning ushbu harakati ijtimoiy tarmoqlar hamda kech jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ko‘p o‘tmay, Biznes-ombudsman holat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Tashkilot tadbirkor bildirgan tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi. Holat tadbirkorga nisbatan ta’qib sifatida baholandi.
“Agar tadbirkor soha rivoji yo‘lida fikr bildirsa, bu holat tanqid va jazoga sabab bo‘lmasligi lozim. Aksincha, bunday fikrlar muammolarni hal etish uchun imkoniyat sifatida qabul qilinishi zarur”, — qayd etiladi xabarda.
Biznes-ombudsman tadbirkorlarning huquqlari qonun bilan kafolatlanganini eslatib, ularning huquqlari buzilishi hamda faoliyatiga asossiz to‘sqinliklar kuzatilsa, murojaat qilishlari mumkinligini bildirdi.
Nima bo‘lgandi?
29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkor Usmonjon Abdusamatov qurilish sohasida asossiz rad etishlar mavjudligi va korrupsiyaviy holatlar haqida so‘z yuritdi.
“Mana, yer sotib oldik. Keyin [qurilish uchun] ruxsatnoma olish kerak. Buning uchun ariza topshiramiz — rad etiladi, yana topshiramiz — yana rad qilinadi. Ularning manziliga borib, „assalomu alaykum“ deb qo‘lingizni cho‘zmaguncha shu holat davom etaveradi”, — dedi u qo‘li bilan pul uzatish ishorasini ko‘rsatib.
Tadbirkorning ta’kidlashicha, bunday amaliyotlar qurilish kompaniyalarining xarajatlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, $500 minglik uyni qurishda $20 mingdan $100 minggacha bo‘lgan miqdorda bir nechta pora berishga to‘g‘ri keladi.
U yechim sifatida asossiz rad etishlar uchun javobgarlik kiritishni taklif qildi. “Nima uchun ariza besh marta rad etildi-yu, oltinchisida ma’qullandi — axir kompaniya va hujjatlar o‘sha-o‘sha-ku?”, — deb ta’kidladi tadbirkor.
Bundan tashqari, quruvchi kadastr organlari tomonidan hujjatlarni hududiy arxitektura va qurilish boshqarmalariga yuborishda yuzaga keladigan “katta muammolar” haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘n martadan rad etilgan arizalari bor.
“Bu jarayonda Toshkentdagi har bir uyga o‘rtacha $200 ming, Toshkent viloyatida esa $100 mingga yaqin „xarajat“ to‘g‘ri keladi (bu yerda pora nazarda tutilmoqda — Spot izohi). Biz bu summalarni soliq sifatida mamnuniyat bilan to‘lashga tayyormiz. Keling, ochiq-oydin ishlaymiz. Ruxsatnoma beruvchilarga nisbatan javobgarlik choralarini joriy etish kerak. Chunki, oxir-oqibat arizalar baribir tasdiqlanadi”, — deya ta’kidladi u.
Undan keyin Qurilish vazirligi tadbirkor bildirgan fikr-mulohazalari yuzasidan rasmiy bayonot berib, sohaga oid barcha davlat xizmatlari va to‘lovlar elektron amalga oshirilishini, qo‘shimcha mablag‘ talab qilinishi mumkin emasligini qayd etdi.
Jismoniy va yuridik shaxslar shaharsozlik hujjatlarini faqat Yagona portal (my.gov.uz) hamda Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborishlari mumkin. “Bu jarayonlarda jismoniy yoki yuridik shaxs hamda vakolatli organ vakili o‘rtasida o‘zaro muloqotga yo‘l qo‘yilmaydi”, deyiladi xabarda.
Keyinroq Kadastr agentligi ham holat yuzasidan izoh berib, tadbirkor tilga olgan qurilish uchun ruxsatnoma berish ishlarida kadastr idoralari ishtirok etmasligini bildirdi. Taʼkidlanishicha, qurilish uchun ruxsatnoma berishda kadastr idoralari ishtirok etmaydi. Ular qurilish jarayoni tugagach ko‘chmas mulkni o‘lchab, kadastr pasportini shakllantiradi.
Shuningdek, kadastr idoralari foydalanishga ruxsatnoma olingandan keyin ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadi. Kadastr agentligi korrupsiyani keskin qoralashini bildirib, tadbirkorlar va fuqarolarni turli ayblovlar bilan jamoatchilikni chalg‘itmaslikka chaqirdi.
Bundan tashqari, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qurilish sohasidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha so‘rovnoma tashkil etdi. Javoblar asosida sohada korrupsiya omillarini bartaraf etish hamda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqishda rejalashtirilgan.
Jamoatchilik qanday fikrda?
“Muammolarni sanagan tadbirkor jazolansa, keyingi safar muloqotda kimdir dardini aytadimi? To‘g‘risi, Qurilish vazirligining tadbirkor ustidan IIVga shikoyat qilgani meni juda hayron qoldirdi”, — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.
U davlat rahbarining tadbirkorlar bilan uchrashuvi doirasidagi muloqotlarda boshqa tashkilotlar ko‘p bora tanqid qilinganiga qaramay, hech biri e’tirozlar bildirmaganini ta’kidlaydi. “Muloqot shuning uchun ham muloqot. Kameraga maqtab-maqtab, hammasi zo‘r, deb ketilishi kerak bo‘lsa, muloqotning nima zaruriyati bor?”, deydi iqtisodchi.
Bakirovning fikricha, “bitta uy uchun 200 ming dollargacha xarajat bor”, degan gapga Qurilish vazirligi obro‘sizlanib qolgan bo‘lsa, demak, vaziyat haqiqatdan ham shu darajaga yetgan. Qurilayotgan uylarning hisobotdagi tannarxi va bozor narxlari o‘rtasidagi tafovut korrupsion muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
“Qurilish biznesida to‘lanayotgan soliqlar va uylarning bozor narxiga, rasmiy statistika bo‘yicha qurilishdagi norasmiy sektor ulushiga bir qarang. Balki Milliy statistika qo‘mitasini ham sudga berarsizlar, bu raqamlar sizlarni obro‘sizlantirmayaptimi? „Toshkentda 2 mingta holatda uy-joylarning har bir kv.metri atigi 1 mln so‘m deb rasmiylashtirilganini“ aytgan Kudbiyevniyam sudga beringlar. „Ish haqini „konvertda to‘lash“ orqali 6,3 mingta obyekt 1 nafardan ko‘p bo‘lmagan rasmiy ishchi bilan qurilganini“ aytgan Vahobovni sudga beringlar. Axir sizlarda hammasi „Shaffof qurilish“ milliy axborot tizimi orqali to‘liq nazorat qilinadi-ku”, — deb yozadi u.
Bundan tashqari, iqtisodchi O‘zbekistonda muzlatgichlarni sertifikatlash byurokratik ravishda to‘xtatib qo‘yilganini, tovarlar oylab ushlab turilishini aytgan tadbirkor Alfiya Musina ustidan na Bojxona qo‘mitasi, na Texnik jihatdan tartiga solish agentligi shikoyat qilgani, uni hech kim jazolamaganini ta’kidladi. Aksincha, davlat rahbari tadbirkorni mukofotladi.
“Musina muammoni ochiq aytgani uchun yuzlab tadbirkorlarning og‘iri yengil bo‘ldi, budjetga milliardlab boj va soliqlar to‘lanayapti. „Oq“ iqtisodiyot o‘sayapti. Balki sizlar ham muammoni aytgan o‘sha tadbirkorga, hech qursa, rahmat deyishinglar kerakdir?”, deya qurilish vazirligiga yuzlanadi Otabek Bakirov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi, Yuksalish harakati rahbari Bobur Bekmurodov qurilish sohasida byurokratik to‘siqlar bartaraf etilayotgani, jarayonlar raqamlashtirilib, inson omili kamaytirilayotganiga qaramay, soha korrupsiyadan to‘liq holi bo‘lmaganini qayd etdi.
“Qurilish vazirligi jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun mavjud mexanizmlardan foydalanmayapti. Masalan, vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashida bor yo‘g‘i 2 ta nodavlat notijorat tashkiloti bor. Vaholanki, prezident farmoni bilan bu talab kamida 50% etib belgilangan. Kengash orqali mavjud muammolardan uzilib qolmasdan, ularni doimiy kuzatib, tahlil qilib borish imkoniyati mavjud”, — deydi u.
Bobur Bekmurodov tadbirkorning e’tirozlarini sohaga emas, balki mavjud muammolarga berilgan baho sifatida qabul qilish kerakligini aytado. U bildirilgan tanqid ortidan ruxsat berish jarayonlarining shaffofligini yanada oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish kerak, degan fikrda.
Shuningdek, Yuksalish harakati rahbari bu vaziyatda Qurilish vazirligi tadbirkor bilan uchrashib, muammolarning yechimi yuzasidan takliflarini eshitishi eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lishini qo‘shimcha qildi.
“Hazilni yig‘ishtirib, jiddiyroq gaplashadigan bo‘lsak — IIV bunday shikoyatni qabul qiladigan va eng yomoni, bu asosda tadbirkorga nisbatan qandaydir chora ko‘radigan bo‘lsa, bu juda xavfli pretsedent yaratadi. Chunki istalgan tanqidni „islohotlarga salbiy munosabat shakllantirish“, „tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarning sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazish“ deb malakalash va chora ko‘rish mumkin bo‘ladi”, deb yozadi ta’lim bo‘yicha ekspert, Jalilov. Qaydlar kanali muallifi Komil Jalilov.
U bunga misol sifatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Telegram-kanalidagi istalgan postni asos qilib olib, IIVga ariza kiritishi mumkinligini keltirdi.
BBC jurnalisti Ibrat Safo demokratik davlatlarda hukumat idoralari sudga tuhmat da’vosi bilan chiqolmasligini ta’kidlaydi. Masalan, Buyuk Britaniyadagi umumiy qoidalarga muvofiq, markaziy va mahalliy hukumatlar idoralari tuhmat ayblovlari bilan sudga ariza berishga haqqi yo‘q. Hukumatni tanqid qilish jamoatchilik manfaatida hisoblanadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday jamiyatda istalgan davlat tashkilotini “korrupsiyaga botgan”, “uquvsiz”, “bir tiyinga qimmat” va boshqa ayblar bilan tanqid qilish mumkin, lekin muayyan bir amaldorni jiddiy korrupsion ishlarda ayblayotganda dalil-isbot bo‘lishi shart. “Ya'ni, davlat idorasi tirik shaxs emas, unda sha’n va g‘urur bo‘lmaydi, amaldor esa issiq jon”, — yozadi Ibrat Safo.
“O‘zbekistondagi Qurilish va’zirligi balki tirik jondir, ko‘ngilchasi og‘rib „qurilish jarayonida $200 ming pora beriladi“, degan quruvchi ustidan IIVga shikoyat beribdi. Huquqshunos do‘stlar, O‘zbekiston qonunchiligida nima deyilgan o‘zi, davlat idorasi tuhmat ayblovi bilan adliya tizimlariga shikoyat berishga haqlimi?”, — deya savol tashlagan u.