Markaziy bank 22-sentabrdan dollarning so‘mga nisbatan qiymatini 12 349,87 so‘m etib belgilagandi.
Amerika valyutasi 19-sentabr kuni belgilangan qiymatga nisbatan bir kunda 35 so‘m 16 tiyinga ko‘tarildi.
22-sentabr, dushanba kuni aksariyat banklarda sotish kursi 12 370 so‘mdan 12 410 so‘mgacha belgilangan. Eng maqbul sotuv kursini jami 16 ta bank taklif etmoqda.
Yana 7 ta bankda sotish kursi 12 400 so‘mni tashkil etadi. Uchta bank — Aloqa bank, Davr bank hamda Poytaxtbank’da esa sotish narxi 12 390 so‘m etib belgilangan.
Shuningdek, banklarda xarid narxi 12 255 so‘mdan 12 330 so‘mgachani tashkil etmoqda. Eng arzon sotib olish kursi Asia Alliance bank tomonidan taklif etilmoqda — 12 255 so‘m. Jami 11 ta bankda bu 12 290 so‘m etib belgilangan.
Sakkiz oy davomida so‘m dollarga nisbatan 438 so‘mga yoki qariyb 3,4% ga mustahkamlandi. Avgust oyida milliy valyuta kursi 109,32 so‘mga ko‘tarilib, 2023-yilning dekabr oyidan buyon maksimal qiymatlarga yetdi.
Spot bilan suhbatlashgan ekspertlar dollar zaiflashuvining turli sabablarini keltirishdi. Donald Tramp siyosati tufayli Amerika valyutasiga bo‘lgan ishonchning pasayishi, oltinga bo‘lgan global talabning oshishi, transchegaraviy o‘tkazmalarning ko‘payishi, shuningdek, eksport tushumlari fonida valyuta taklifining oshishi va unga bo‘lgan cheklangan talab shular jumlasidandir.
Bahorda Xalqaro valyuta jamg‘armasi Markaziy bankka valyuta kursining moslashuvchanligini oshirish va uning kengroq chegaralarda tebranishiga yo‘l qo‘yishni tavsiya qildi. Ekspertlarning fikricha, bu tashqi shoklardan himoyani ta’minlaydi va pul-kredit siyosatining transmissiyasini kuchaytiradi. Hukumat kengashni ijobiy qabul qildi, deya ta’kidladi tashkilot.
Markaziy bank almashuv kursini shakllantirish siyosatini biroz o‘zgartirib, uning moslashuvchanligini oshirdi. Bu bozor ishtirokchilarida kutilmalarning to‘g‘ri shakllantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Spot regulyator raisi Timur Ishmetov nominal almashuv kursi mustahkamlanganiga qaramay, real samarali kurs yil boshidan qariyb 4% ga qadrsizlanganini ma’lum qilgani haqida yozgandi.