Gorilla energetik ichimligi reklamasini keng targ‘ib qilgan Aion Beverages’ga nisbatan reklama qonunchiligi buzilishi yuzasidan taʼsir choralari ko‘rildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro tomonidan yo‘llangan murojaat asosida ushbu kompaniyada o‘rganish ishlari olib borilib, reklama qonunchiligi buzilgani aniqlandi.

Fuqaro Aion Beverages’ga qarashli avtotransport vositalarida energetik ichimlik reklamasi keng targ‘ib qilinganidan eʼtiroz bildirgan.

Tekshiruvlarda korxonaga tegishli 106 ta avtomashinada Gorilla reklamasi joylashtirilgani oqibatida “Reklama to‘g‘risida"gi qonun buzilishi aniqlandi.

Qonunning 37-moddasida tashqi reklama va axborot obyektlari orqali energetik ichimliklarni reklama qilish taqiqlanishi belgilangan.

Ushbu holat yuzasidan Aion Beverages’ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, barcha avtotransport vositasidagi reklamalar to‘liq bartaraf etildi.

Joriy yilning iyul oyida Raqobat qo‘mitasi reklama qonunchiligini buzgani uchun 17 ta kompaniyani jarimaga tortgandi.

Avvalroq 1Fit reklama qonunchiligini buzgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar berilgandi.