O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi bugundan norasmiy daromadga ega bo‘lgan mijozlarga berilgan ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirishni yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, ushbu mexanizm kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, hamkor tijorat banklariga ipoteka kreditlarini yana-da kengroq qatlamga taqdim etish imkonini beradi.

Bu orqali rasmiy daromad hujjatlarini taqdim eta olmaydigan, biroq barqaror daromad manbaiga ega bo‘lgan fuqarolar ipoteka kreditidan foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yil aprelda rasmiy daromadi bo‘lmagan shaxslarga ham ipoteka kreditlari berilishini aytgan edi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ipoteka krediti ajratish hajmi 37%ga o‘sdi. Yanvar-iyun oylarida mamlakat bo‘yicha jami 9,43 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan bo‘lib, bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 37,08%ga ko‘pdir. Shu bilan birga, ipoteka kreditlari qoldig‘i 72,8 trln so‘mga yetib, yarim yil ichida 5,1 trln so‘mga oshdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi 6,38 trln so‘mlik ipoteka kreditlarini moliyalashtirdi (74,04%lik o‘sish bilan). Buning natijasida umumiy kredit berishdagi davlat ulushi 53,3%dan 67,7%gacha ko‘tarildi. Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi esa ipoteka kreditlari berishni 6,2%ga qisqartirib, 800 mlrd so‘mdan kamroq miqdorni tashkil etdi.

Spot, avvalroq, avgust oyida uy-joy savdolari iyul oyiga nisbatan biroz pasaydi, ammo yillik hisobda bozor qariyb 13%ga o‘sgani haqida yozgandi.