O‘zbekistonda to‘y, marosim va oilaviy tadbirlarni o‘tkazish qat‘iy nazoratga olinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilab qo‘yildi.

Hujjat bilan, 2026−2030-yillar “Dolzarb oziq-ovqat xavfsizligi davri” deb e‘lon qilinadi. Shu davrda aholiga yetarli miqdorda va sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish hamda ortiqcha isrofgarchilikning oldini olish bo‘yicha tizimli choralar ko‘riladi.

“Oqilona iste‘mol” dasturini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, to‘ylar, oilaviy tantanalar, marosim va marosimlar tasdiqlangan nizom asosida o‘tkazilishi shart.

Tegishli nizom esa 2019-yil 14-sentabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, oilaviy tadbirlarda 200 nafargacha, shu munosabat bilan beriladigan osh marosimida esa 250 nafargacha ishtirokchi qatnashishi mumkin. Qo‘shaloq to‘y va hasharlarda 250 nafargacha, unga bog‘liq osh marosimida esa 300 nafargacha mehmon bo‘lishi mumkin.

Nizomda, shuningdek, milliy an‘analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan qo‘shimcha rasm-rusum va shoularni o‘tkazishga ruxsat etilmaydi. Jumladan:

  • kuyov navkari, chorlar, ota ko‘rdi, sep yoydi, quda chaqirdi, kuyov chaqirdi, kelin chaqirdi, tog‘ora yuborish kabi urf-odatlar;
  • dafn va motam marosimlariga oid yetti, payshanbalik, yakshanbalik, yigirma, qirq, hayit, yil oshi, pul tarqatish, mato ulashish kabi ortiqcha tadbirlar ham taqiqlanadi.

Avvalroq o‘zbekistonliklarning 80% dan ortig‘i to‘y xarajatlarini qarzlar va qarindoshlarining yordami hisobidan qoplashi haqida xabar berilgandi.