Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahrida Blackrock investitsiya kompaniyasi direktorlar kengashi aʼzosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesini qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
AQSh kompaniyasi bilan strategik sheriklikni energetika, transport va suv infratuzilmasini rivojlantirish sohalarida kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qo‘shma fond tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi. Tez fursatda platforma konsepsiyasi kelishiladi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish boshlanadi.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Al Mirqab Capital kompaniyasi boshqaruvi raisi Hamad bin Jassim Ol Soniy va Blackrock investitsiya kompaniyasi katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesidan iborat xorijiy investorlar delegatsiyasini qabul qilgan edi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida O‘zbekiston transport, energetika, infratuzilma va turizm sohalarini qamrab olgan sakkizta yirik investitsiya loyihasidan iborat Al Mirqab Capital va Blackrock portfelini taqdim etganini aytgandi.
Shuningdek, uchrashuv yakunlari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzildi, u bir oy ichida loyihalarni amalga oshirishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va shartlarini ishlab chiqadi.
Avvalroq Uzbekistan Airways $8 mlrdlik Boeing Dreamliner samolyotlarini xarid qilishi haqida xabar berilgandi. Kelishuv doirasida 14 ta Boeing 787−9 Dreamliner samolyotini xarid qilish va shu turdagi 8 ta havo kemasini opsion sifatida olish ko‘zda tutilgan.
Maʼlumot uchun, Blackrock — Amerikaning aktivlar va fondlarni boshqarish, shuningdek, moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan yirik investitsiya kompaniyasi. Kompaniya aktivlari $11 trlndan oshadi.