Avvalroq Qoraqalpog‘iston yoshlari uchun qo‘shimcha grant va to‘lov-kontrakt o‘rinlari tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq, 2025/2026-o‘quv yili uchun Qoraqalpog‘iston yoshlari oliy ta’limga qabulda 3 ta qo‘shimcha imkoniyatga ega bo‘ladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

1-imkoniyat. 24−30-sentabr kunlari Qoraqalpog‘istonda doimiy yashovchi va kirish imtihonlarida 68 ball va undan yuqori natija ko‘rsatib, davlat oligohlarining kunduzgi shakliga to‘lov-kontrakt asosida kirgan abituriyentlar 500 ta maqsadli qabul parametrlari uchun ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Quyidagi jadvalda maqsadli qabul parametrlarining hududlar kesimidagi taqsimoti keltirilgan:

Jarayon my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshirilib, abituriyentlar talabalikka tavsiya etilgan OTM va ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Ular kirish imtihonlari natijasiga ko‘ra to‘plagan ballar ketma-ketligi asosida maqsadli qabul parametrlariga tavsiya etiladi. Tavsiya etilganlar ro‘yxati belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga yetkaziladi.

2-imkoniyat. 29-sentabrdan 6-oktabrga qadar (shu kuni ham) Qoraqalpog‘istonda doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlagan, jumladan, muayyan xorijiy va nodavlat OTMlariga kontrakt asosida kirgan yoshlar 200 ta maqsadli qabul parametrlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Taqsimot quyidagicha:

abituriyentlar, qabul-2025, qoraqalpog‘iston, 2025-2026, ta'lim

Bunda ro‘yxatdan o‘tish my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Abituriyentlar uchun 12-oktabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi. Ro‘yxatdan o‘tishda belgilangan miqdorda to‘lov undiriladi.

Abituriyentlarning to‘plagan ballari ketma-ketligi asosida maqsadli qabul parametrlari doirasida tanlov natijalari rasmiylashtirish uchun 17-oktabrga qadar OTMlarga yetkaziladi.

Vazirlik 15-noyabrgacha 1- va 2-imkoniyatlarga muvofiq maqsadli grant o‘rinlariga qabul qilingan talabalar bilan oliy ta’lim tashkilotini tamomlagandan keyin tegishli hududda 3 yil ishlab berish majburiyatini nazarda tutuvchi to‘rt tomonlama (hududiy hokimlik, sohaviy davlat organi, talaba va OTM o‘rtasida shartnomalar rasmiylashtirilishini qayd etdi.

3-imkoniyat. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining murojaatiga muvofiq Bilimni baholash agentligi tomonidan bakalavriatura kesimida to‘lov-kontrakt asosida davlat OTMlariga qo‘shimcha 7 225 ta qabul parametrlari tasdiqlandi.

Bazaviy kontrakt asosidagi qo‘shimcha kvota OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan Qoraqalpog‘istondagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional (kasbiy) ta’lim muassasalarini tamomlagan, imtihonlarda 56,7 va undan yuqori ball to‘plagan, lekin talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantiriladi.

Tanlov qaydnomalari tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yetkaziladi.

Avvalroq ayrim talabalar uchun kontrakt to‘lash muddati uzaytirilgani haqida xabar berilgandi. 1-kurslar kontrakt miqdorining kamida 25%ini 30-oktabrgacha to‘lashi mumkin.