2025-yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston eksportga nisbatan ko‘proq tabiiy gaz import qildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
Birinchi sakkiz oyda Turkmaniston va Rossiyadan “ko‘k yoqilg‘i” importi 27,9% ga kamayib, $885,9 mlnni tashkil etdi. Yanvar oyida gaz yetkazib berish $27,8 mlnni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida $8 mlngacha, mart oyida esa $2,7 mlngacha qisqardi. Aprel oyida gaz importi $112 mlngacha o‘sdi, may oyida — $135 mln, iyunda — $286,3 mln. Biroq iyulda yetkazib berish $162,2 mln, avgustda esa $151,9 mlngacha kamaydi.
Yil boshidan buyon Xitoyga gaz eksporti 24,1% ga oshib, $494,7 mlnni tashkil etdi. Yanvar oyida mamlakatga $21,8 mln, fevral — $20,2 mln, mart — $52,3 mln, aprel — $105,4 mln, may — $88,3 mln, iyun — $66,9 mln, iyul — $83,7 mln hamda avgustda $56,1 mln gaz yetkazib berildi.
Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan biroz farq qiladi. Unga ko‘ra O‘zbekiston yanvar-avgust oylarida $563,2 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,27% ga ko‘pdir.
Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi ma’lumotlari O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi 9,32% ga — iyul oyidagi $94,4 mlndan avgustda $103,2 mlngacha (o‘sish 2024-yilning shu davriga nisbatan 6%) oshganini ko‘rsatadi.
Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilikni Rossiya egalladi. Mamlakat sakkiz oyda $6,49 mlrdlik “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib bergan. Ikkinchi o‘rinda Turkmaniston — $5,7 mlrd. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($1,05 mlrd), Qozog‘iston ($731,5 mln), shuningdek, kichik hajmlar bilan AQSh va Italiya turibdi.
Avvalroq Spot isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘mdan moddiy yordam berilishi haqida yozgandi. Mablag‘larni reyestrlarga kiritilgan hamda mahalla yettiligi xulosasi bilan ro‘yxati shakllantirilgan oilalar olishlari mumkin.