Toshkentda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bo‘yicha 808 ta holat aniqlandi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Natijada mazkur huquqbuzarliklar uchun fuqarolarga MJtKning 161-moddasi (Shaharlarni va boshqa aholi punktlarini obodonlashtirish qoidalarini buzish) bo‘yicha jarimalar qo‘llanildi.
Ushbu moddaga ko‘ra, fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1,23 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa — 3 baravaridan 5 baravarigacha (1,23 mln so‘mdan 2,06 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
772 ta holatda 3−7 martagacha takroriy chiqindi tashlangani qayd etildi. Yana 26 tasida 8−12 martagacha, 10 ta holatda esa 13−23 martagacha takroriy harakatlar sodir bo‘lgan.
Taʼkidlanishicha, eng ko‘p chiqindi tashlash holatlari Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida kuzatildi. Takroriy chiqindi tashlash bo‘yicha ham aynan shu tumanlarda yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Joriy yilning mart oyi dastlabki ikki haftasida Toshkentda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bo‘yicha jami 2 638 ta holat aniqlanib, huquqbuzarlarga 1,11 mlrd so‘m miqdorida jarima solingandi.
2030-yilga qadar qattiq maishiy chiqindi poligonlarini 50% ga qisqartirish, buning uchun ular negizida chiqindilarni qayta ishlash va utilizatsiya qilish sanoat zonalarini tashkil etish maqsad qilingan.
1-avgustdan chiqindidan qarzdorligi bor fuqarolarga elektr energiyasi uchun to‘lovlar cheklanishi haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Toshkent shahrida maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jarayoni to‘liq raqamlashtirilayotgani haqida yozgandi.