BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda Mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi borasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashning dolzarb jihatlari ko‘rib chiqildi. Xalqaro tashkilotga a’zo mamlakatlar bilan muzokaralar sur’ati “mamnuniyat bilan qayd etildi”.

JST me’yorlari va qoidalariga muvofiq milliy qonunchilikni, shu jumladan texnik jihatdan tartibga solish va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish bo‘yicha faol ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.

Joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi natijadorligini ta’minlash hamda 2026-yilda muzokaralar yakunlanishi va O‘zbekiston tashkilotga qo‘shilishi muhim ekani ta’kidlandi.

Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida prezident bilan muloqot samarali kechganini qayd etdi. U shu paytgacha tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha ishlar sezilarli darajada ilgarilaganini ta’kidlab, buni mamlakat iqtisodiyoti o‘sib borayotgani bilan izohladi.

“Jahon iqtisodiyoti o‘rtacha 3% ga o‘sib borayotgan bir paytda O‘zbekiston iqtisodiyoti 6% ga o‘smoqda. Bu ikki baravar yuqori ko‘rsatkich — juda ijobiy holat. Shu bois izchil ishlar davom ettirilmoqda va deyarli yakuniga yetdi. Noyabr oyida ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkaziladi. Umid qilamizki, belgilangan muddat — [2026-yilning] mart oyigacha barcha ishlar to‘liq yakunlanadi va O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini tantanali nishonlaymiz”, — dedi u.

Shu bilan birga, tashkilot rahbari bu yo‘lda “qat'iyat bilan harakat qilinayotgani"ni aytdi. Ngozi Okonjo-Iveala Shavkat Mirziyoyevga jamoani qo‘llab-quvvatlayotgani hamda ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorchilik bildirdi. “Ular [JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha guruh] juda samarali ish olib boryapti, hozirda ikki tomonlama barcha muzokaralar yakunlandi”, — deya xulosa qildi u.

Joriy yilning may oyida ikki tomonlama kelishuvlar doirasida 33 ta mamlakat bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib borilib, ulardan 24 tasi bilan muzokaralar yakunlangani ma’lum bo‘ldi. Prezident yil yakunigacha qolgan 9 ta davlat bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlashni topshirdi.

Bundan tashqari, mayda O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Natijada, mamlakat bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangan 24-davlat bo‘ldi.

Sentabr oyida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov O‘zbekiston tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha uchta davlat — Argentina, Avstraliya va Gonduras bilan protokollar imzolaganini ma’lum qildi. Shuningdek, yana 2 ta davlat bilan kelishuvlarga erishildi. JST a’zoligi uchun kelishilgan davlatlar soni 29 taga yetdi, 2 a’zo esa asosli. Ikki tomonlama muzokaralarni to‘liq yakunlashga 3 ta davlat qoldi.

Avvalroq Lokals United bosh direktori Farhod Norboyev Spot bilan suhbatda JSTga qo‘shilgandan keyin kelajakda kuchayib boradigan raqobatga tadbirkorlar hozirdan qanday tayyorgarlik ko‘rishi kerakligi haqida so‘z yuritgandi.