O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ketma-ket ikki kunlik pasayishdan keyin yana ko‘tarildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 219,08 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 48 so‘m 05 tiyinga oshdi.
Kuni kecha AQSh valyutasi birjada ikki yil oldingi darajagacha pasayib, 12 171,03 so‘mni tashkil etdi. Kurs 86,1 so‘mga arzonladi.
17-sentabr kuni dollarning rasmiy kursi ketma-ket to‘rtinchi savdo kunida pasayib, 12 254,27 so‘mni tashkil etgandi. Bu 2023-yilning 3-noyabridan beri eng past ko‘rsatkichdir (12 254 so‘m). Undan keyingi ikki savdo kunida AQSh valyutasining rasmiy kursi ketma-ket ko‘tarildi.
Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov Spot muxbirining O‘zbekistonda dollarning hozirgi kursi bozor kursimi, degan savoliga javob berdi.
“Mening fikrimcha, dollar kursi bozor talabiga to‘liq javob bermaydi. Agar bu kurs nimaga asoslanganiga eʼtibor qaratsak, eksportning 38%i oltin yetkazib berishdan kelmoqda. Demak, oltin sotilishi kursni ushlab turishga yo‘naltirilgan. Bu esa to‘liq bozor kursi emasligini anglatadi. Bu mamlakat oltin tushumlaridan valyuta kursini ushlab turish uchun faol foydalanayotganining bilvosita belgisidir. Bozordagi talab va taklif asosan oltin sotish hisobiga qoplanmoqda. Bu bozor usullari to‘liq qo‘llanilmayotganini ko‘rsatadi”, — dedi u.
Abduqodirovning ta’kidlashicha, valyutalar almashuv kursida dollarning jahon bozoridagi xarid qobiliyati pasayishi aks etadi, biroq dollar boshqa valyutalarga nisbatan o‘zbek so‘miga qaraganda kuchliroq tushmoqda.
Bundan tashqari, u uzoq vaqt davomida almashuv kursining barqarorligiga eʼtibor qaratib, valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘zgarmayotgandek taassurot uyg‘onayotganini, aslida bunday emasligini qo‘shimcha qildi.
Avvalroq Markaziy bank departamenti rahbari Sanjar Valiyev oltin narxining oshishi so‘mning dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liqligini rad etgandi. Unga ko‘ra, oltin-valyuta zaxiralari xorijiy valyutada shakllantiriladi va statistikada AQSh dollari orqali aks ettiriladi, so‘m bu jarayonda ishtirok etmaydi.