Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv BMT bosh qarorgohida, tashkilot Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Yetakchilar O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yo‘nalishlarini batafsil muhokama qildi.
Mintaqaviy va global ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. 5-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqot yakunida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston yetakchisi Donald Trampni ichki va tashqi siyosatni amalga oshirishdagi yuksak muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. Uning xalqaro va mintaqaviy miqyosdagi o‘tkir mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish borasidagi shaxsiy hissasi va saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.
O‘z navbatida, AQSh yetakchisi O‘zbekistonda iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va xalqaro nufuzni yuksaltirishga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Turli darajalardagi siyosiy muloqot va almashinuvlar rivojlanayotgani, ishbilarmonlik aloqalari faollashgani qayd etildi.
Tramp O‘zbekiston yetakchisining Qo‘shma Shtatlarning 50 dan ortiq yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarining samarali natijalarini yuqori baholadi.
Fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, muhim minerallar, moliya, innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi. Ushbu loyiha va kelishuvlar ikki mamlakatda o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratishi taʼkidlandi.
Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni o‘zi uchun qulay muddatda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Avvalroq O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida $100 mlrddan ortiq shartnoma va loyihalar portfeli shakllantirilgani haqida xabar berilgandi.