Toshkent shahrida ipoteka kreditlari uchun subsidiya miqdorini oshirish taklif etilmoqda. Bu haqda 23-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari shahar kengashining navbatdagi yig‘ilishida poytaxt hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Xaydarov ma’lum qildi.

Joriy yilning 1-sentabr holatiga ko‘ra, Toshkent shahrida subsidiya dasturi doirasida 15 978 nafar fuqarodan ariza kelib tushgan. Tuman komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilgan arizalardan 2 479 tasi bo‘yicha ijobiy xulosa berildi. Natijada, 388 nafar fuqaroga jami 11,64 mlrd so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Baxtiyor Xaydarovning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yilgacha poytaxtda yiliga o‘rtacha 2,5−3 ming xonadon foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, 2016-yildan buyon bu ko‘rsatkich yiliga 12−13 ming xonadonga yetgan. Joriy yilda esa bu raqamni 20 minggacha oshirish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, u subsidiya dasturi doirasida Toshkent shahrida belgilangan imtiyozlar uy-joy narxlari yuqoriligi sababli aholining ehtiyojlarini to‘liq qoplamayotgani ta’kidladi.

“Subsidiya olishga murojaat qilgan aholining atigi oltidan bir qismiga mablag‘ berilgan xolos. Buning asosiy sababi, dastur doirasida Toshkent shahrida 440 mln so‘mgacha kredit va boshlang‘ich to‘lov uchun 30 mln so‘m mablag‘ ajratiladi. Lekin 550−700 mln so‘m atrofidagi uy-joylarni sotib olish imkoniyati juda cheklangan. Toshkentda bunday narxdagi uylarni olish juda qiyin”, — dedi Xaydarov.

Uning ta’kidlashicha, xorijiy tajriba, jumladan Singapur va boshqa mamlakatlarda ipoteka subsidiyalari miqdori poytaxt hududlarida nisbatan yuqori belgilanadi, shuningdek, ularda muqobil uy-joy ta’minoti mexanizmlari joriy etilgan. Baxtiyor Xaydarov ushbu o‘rganishlar natijasida Toshkent shahar hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tegishli takliflarni kiritayotganini ma’lum qildi.

Ipoteka subsidiyasi

10-iyuldan ipoteka kreditlari uchun ajratilgan subsidiya xabarnomalarining foydalanilmagan qismiga arizalar qabuli boshlandi. Talabgor va uning yaqin qarindoshlarining (yaqin qarindoshlar arizada ko‘rsatilsa) o‘rtacha daromadi Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda MHTEKMning 2,7−8 baravar (3,431 mln — 10,17 mln so‘m), Toshkentda esa 2,7−9,2 baravar (3,43 mln — 11,7 mln so‘m) atrofida bo‘lishi kerak.

Subsidiya uchun ariza beruvchi ijtimoiy mezonlar asosida kamida 30 ball to‘plashi lozim. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar alohida tartib asosida baholanadi. Shuningdek, arizachi yoki uning turmush o‘rtog‘ining nomida turar joy mavjud bo‘lmasligi kerak.

Uy-joy sotib olishda ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga budjetdan mablag‘ ajratiladi. Kredit foiz to‘lovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshgan qismiga to‘lab beriladi.

Subsidiyalar birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun amal qiladi, ipoteka kreditlari bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovni qoplashga 30 mln so‘m ajratiladi. Joriy yilgi dastur doirasida 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish belgilangandi.

Avvalroq Spot Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ayrim oilalarning suv taʼminoti bo‘yicha xarajatlari qoplab berilishi haqida yozgandi. Subsidiya artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish va suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarining 90%i, biroq BHMning 30 baravaridan oshmagan qismiga beriladi.