Shavkat Mirziyoyev 23-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi umumsiyosiy munozaralarida nutq so‘zladi.

O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35% dan 6,6% gacha qisqartirishga erishilgani taʼkidlandi. Mamlakatda maktabgacha taʼlim qamrovi 27% dan 78% ga oshdi, oliy taʼlim bilan qamrov esa 9% dan 42%ga yetgani aytildi.

Pedagoglarning o‘zaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida O‘zbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini o‘tkazish taklif etildi.

Shu bilan birga, davlat rahbari BMT bosh qarorgohida O‘zbekiston tashabbusi bilan bolalar saratoni va boshqa og‘ir kasalliklarga qarshi kurashga bag‘ishlangan yuqori darajadagi tadbir o‘tkazilishini aytdi.

Davlat rahbari mamlakat Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida olgan majburiyatlarga sodiqligini aytdi.

“2030-yilga borib ‘daromadi o‘rtadan yuqori‘ bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirishni niyat qilganmiz”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bugungi tahdidlarga to‘la dunyoda global transport tizimining zaifligi dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlarning barqarorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganini qayd etdi.

Xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratish maqsadida “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun o‘zaro transport bog‘liqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga chaqirdi.

O‘zbekiston prezidenti iqlim o‘zgarishi muammolariga to‘xtalib, Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari jahon hamjamiyatining doimiy diqqat markazida bo‘lishi lozimligini ta’kidladi.

“Biz Orolbo‘yi ekotizimini qayta tiklash bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiryapmiz. So‘nggi yillarda dengizning qurigan tubida 2 mln gektar maydonda sho‘rga chidamli cho‘l o‘simliklari ekildi. 2030-yilgacha ushbu hududning 80% qismida yashil qoplamalar hosil qilinadi”, — dedi davlat rahbari.

O‘zbekiston prezidenti mamlakatlar o‘rtasida raqamli rivojlanish va sunʼiy intellektdan foydalanishda tengsizlikning oldini olish juda muhim ekaniga eʼtibor qaratdi.

Sog‘liqni saqlash, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellektning amaliy yechimlari va modellarini beg‘araz almashishga qaratilgan Xalqaro hamkorlik mexanizmini yaratish taklif etildi.

Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazgani haqida yozgandi.