Avvalroq Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida uchrashuvlar o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon bilan uchrashdi. Unda O‘zbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro savdo ko‘rsatkichlari barqaror oshayotgani, Koreya kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi $8 mlrddan oshgani qayd etildi. O‘zbekistonda Koreya oliy taʼlim muassasalarining 4 ta filiali, mamlakat hududlarida professional taʼlim markazlari ochilgan.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA), Koreya Eksimbanki va uning fondlari bilan ko‘p yillar davomida samarali sheriklik qilib kelinayotgani, loyihalarning umumiy portfeli $3,5 mlrdga yetgani aytildi.
Tomonlar yangi uzoq muddatli Texnologiya va sanoat sherikligi dasturini tayyorlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
dastur muhim xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash, kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, transport, aviatsiya, biotexnologiyalar va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surishni nazarda tutadi.
Shuningdek, Hukumatlararo komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishini samarali qilib o‘tkazish muhimligi qayd etildi. Mintaqaviy, shu jumladan Markaziy Osiyo — Koreya formatida hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yilning iyunida Janubiy Koreya Toshkent-Andijon pulli yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishda yordam berishi haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, Korea District Heating Corporation kompaniyasi Yangi Toshkent shahri qurilishi loyihasida ishtirok etishi mumkinligi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokara o‘tkazgani haqida yozgandi.