Avvalroq Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turgani haqida xabar berilgandi.
O‘zbekiston prezidenti 22-sentabr kuni AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni qabul qildi.
5-sentabr kuni ikki mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqotida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Jadal siyosiy muloqot, turli darajadagi delegatsiyalar almashinuvi hamda ishbilarmonlik aloqalari surʼati ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Shu kunlarda Nyu-York shahrida AQShning yetakchi kompaniyalari bilan ko‘plab samarali uchrashuv va tadbirlar o‘tkazildi. Fuqaro aviatsiyasi, tog‘-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati $100 mlrddan ziyod bo‘lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
Yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish uchun AQSh Eksimbanki va DFC jamg‘armasi imkoniyatlaridan foydalanish, ularni amalga oshirishni jadallashtirish uchun qo‘shma Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita taʼsis etish muhimligi qayd etildi.
Xavfsizlik, terrorizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish sohalaridagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi.