Sud qarori bilan Navoiyazot va Sogda Kimyo Zavodga qarashli sexlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi, deb xabar berdi Ekologiya vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, Navoiy shahri va Karmana tumani atrofidagi I va II-toifali korxonalar hamda ushbu hududdagi ohak pishirish xumdonlari faoliyati o‘rganildi.
Nazorat tadbirlari davomida 22 ta sanoat korxonasi tomonidan ekologik talablarga zid tarzda faoliyat olib borilayotganligi aniqlandi. Ular faoliyatini to‘xtatish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi hamda 25 nafar masʼullarning maʼmuriy javobgarlik masalasi hal qilindi.
Shuningdek, atmosferaga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi 22 ta korxona yoki sexlar faoliyatini to‘xtatish yuzasidan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritildi. Arizalardan 20 tasi Karmana tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, 19 tasi qanoatlantirildi.
Xususan, 23-sentabr kuni Navoiy viloyat sudining Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hayʼati sudyalari tomonidan Karmana tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori yuzasidan berilgan shikoyat arizasi ko‘rib chiqilib, Navoiyazot’ning 23-sexi (ammiak) faoliyati sud qarori bilan vaqtincha to‘xtatildi.
Shuningdek, Karmana tumanida joylashgan Sogda Kimyo Zavod korxonasiga qarashli uchta sex faoliyatiga ham sudning hal qiluv qaroriga asosan vaqtincha chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, reyd tadbiri davomida jami 92 ta qo‘lbola usulda qurilgan ohak pishirish xumdonlari aniqlanib, tegishli tashkilotlar ishtirokida to‘liq buzdirildi.
Navoiyda atmosferaga zararli chiqindilarni me’yordan ortiq chiqargan o‘nlab korxonalar faoliyati to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi.
Spot, avvalroq, Ekologiya vazirligi 57 ta korxona faoliyatini to‘xtatgani haqida yozgandi.