O‘zbekiston kichik va katta atom elektr stansiyasi loyihalarini birlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan World Atomic Week xalqaro forumida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi, deb xabar berdi Spot muxbiri.
Axmedxo‘jayevning ta’kidlashicha, atom sanoati kelajakni belgilovchi tarmoqlardan biri bo‘lib, ayniqsa O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega. Agentlik rahbari dunyo eng yirik texnologik yutuq ostonasida turganini qayd etdi va bu jarayonni milliy “ambitsiyali sanoat-texnologik dastur” bilan bog‘ladi.
“Biz KQAES (kichik quvvatli atom stansiyasi) ni ushbu taraqqiyotning qo‘shimcha manbasi sifatida ko‘ramiz. O‘zbekiston amalda kichik modulli reaktorlarni joriy etishda peshqadam hisoblanadi. Biz ularni yirik reaktorlar bilan integratsiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtiryapmiz, shu orqali keng qamrovli kompetensiyalar maktabini yaratamiz. Kichik modulli reaktorlarning kelajagi porloq ekanini yaxshi anglaymiz”, — dedi u.
Shu bilan birga, O‘zatom direktori kelgusida O‘zbekiston kadrlar tayyorlash, axborot va tajriba almashish markaziga aylanishi mumkinligini ta’kidladi. “Umuman, kichik modulli reaktorlarni rivojlantirish maktabini shakllantira olamiz”, — deya xulosa qildi Azim Axmedxo‘jayev.
20-iyun kuni O‘zatom va Rosatom davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Hujjat to‘rtta energiya blokigacha kengaytirish imkoniyati bilan ikkita VVER-1000 energiya bloki qurilishini amalga oshirishning asosiy shartlarini nazarda tutadi. Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyovning ta’kidlashicha, yirik AES qurilishi loyihasini ishlab chiqish “bir nechta masalalarni” hal qilishni talab qiladi.
Avgust oyida Azim Axmedxo‘jayev bo‘lajak kichik AESning birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirilganini ma’lum qildi. O‘zatom rahbarining tushuntirishicha, beton quyish loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni anglatadi, bu esa bevosita AES qurilishiga olib keladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston bu yil kuzda kichik atom elektr stansiyasining kotlovan bosqichiga o‘tishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.