Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Toshkent viloyatining Piskent va Bo‘ka tumanlaridagi ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qayd etilgan holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
24-sentabr kuni mazkur tumanlardagi bir necha bog‘chalar tarbiyalanuvchilari salomatligida o‘zgarish bo‘lganligi sababli tibbiyot birlashmalarining yuqumli kasalliklar bo‘limiga murojaat qilingan.
Dastlabki tibbiy ko‘riklar xulosasi asosida bolalarga “Oshqozon ichak faoliyatining o‘tkir funksional buzilishi, ovqat toksikinfeksiyasi” tashxisi qo‘yilgan. Zaruriy muolajalar qilinib, shu kunning o‘zida aksariyat bolalarning sog‘lig‘i yaxshilangani tufayli uylariga javob berib yuborilgan. Og‘ir ahvoldagi bemorlar aniqlanmagan.
Vaziyat vazirlik tomonidan nazoratga olinib, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda o‘rganish ishlari boshlangan.
Dastlabki taxminlarga ko‘ra, bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgan. Maktabagacha ta’lim tashkilotlariga shu kuni olib kelingan 3,2% li kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.
Tibbiy yordamga murojaat qilgan bemorlardan olingan tahlillar hamda iste’mol qilingan oziq-ovqatlar namunalari tegishli laboratoriyalarda tekshiruvdan o‘tkazilyapti. Qayd etilgan holat yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari davom etyapti.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi o‘rganishlar yakunlariga ko‘ra, holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini ma’lum qildi.
Avvalroq xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi budjetdan qoplab berilishi xabar berilgandi. Bundan tashqari, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilari ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.