Instagram oylik faol foydalanuvchilar soni 3 mlrd chegarasidan o‘tdi. Bu haqda MediaPost xabar bermoqda.

Instagram rahbari Adam Mosserining ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda platformaning deyarli barcha o‘sishi shaxsiy xabarlar, Reels va tavsiyalardagi faollik bilan bog‘liq.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin oylarda kompaniya ushbu yo‘nalishlarga e’tibor qaratishda davom etadi va ilovani to‘g‘ridan-to‘g‘ri xabarlar, qisqa videolar va shaxsiy tavsiyalarga yo‘naltiradi.

Mosseri, shuningdek, Instagram foydalanuvchilarga mavzularni qo‘shish va olib tashlash orqali algoritmlarni o‘z qiziqishlariga moslashtirishni sinab ko‘rish imkoniyatini taqdim etishini ma’lum qildi.

2021-yilda CNBC manbalarining ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqning faol foydalanuvchilari soni oyiga 2 mlrddan oshib ketgan. Bundan oldin, xizmat 2018-yilda auditoriya haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilgan edi — o‘shanda bu ko‘rsatkich 1 mlrdga yetgan edi.

Tajribalar doirasida yangilangan navigatsiya paneli avval Reels’da joriy etiladi, so‘ngra Janubiy Koreya va Hindistonda ham shunga o‘xshash sinovlar o‘tkaziladi.

Bu mamlakatlardagi foydalanuvchilarga fotosuratlar oqimi o‘rniga Reels’ni asosiy lenta sifatida o‘rnatish taklif qilinadi.


Avvalroq Spot Instagram umumiy qiziqishlarni topish funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.

Foydalanuvchilar sevimli filmlar, kitoblar, teleko‘rsatuvlar, o‘yinlar, musiqa yoki “Tanlov"larini belgilaydi, so‘ng Instagram shu tanlovlarga ega do‘stlar bilan o‘xshashliklarni aniqlaydi.