O‘zbekiston bu yil kuzda Jizzax viloyatidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi uchun kotlovan qazish ishlarini boshlashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan World Atomic Week xalqaro forumida Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Bir yil ichida juda ko‘p narsalar o‘zgardi: maydonda yer ishlari boshlandi, barcha tadqiqot ishlari yakunlandi. Bu kuzda biz kotlovan qazish bosqichiga o‘tamiz, chunki prezidentimiz kelgusi yil mart oyida kichik modulli reaktor uchun birinchi betonni quyish ishlarini boshlash vazifasini qo‘ygan. Biz qayta tashkil etdik, rejalashtirdik va bu maqsad sari harakat qilyapmiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ruxsatnoma va litsenziyalar olish bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya regulyatorlari, shuningdek, loyihaning xalqaro xavfsizlik talablari va standartlariga muvofiqligini doimiy ravishda monitoring qilib boradigan MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) bilan parallel ravishda ishlar olib borilmoqda.
Avgust oyida Azim Axmedxo‘jayev bo‘lajak kichik AESning birinchi betonini 2026-yil mart oyida quyish topshirilganini ma’lum qilgan edi. O‘zatom rahbarining tushuntirishicha, beton quyish loyihani amalga oshirishning faol bosqichiga o‘tishni anglatadi, bu esa bevosita AES qurilishiga olib keladi.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
2024-yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
O‘sha yilning iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.
Aprel oyida Jizzaxda kichik AES uchun dastlabki ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Qurilish-montaj bazasi energobloklar qurilishi davrida ma’muriy binolar, ishlab chiqarish xonalari, omborlar va yirik yig‘ma sexlari uchun maydonlar bilan ta’minlaydi. May oyida kichik quvvatli AESni joylashtirish sxemasi tasdiqlandi.
Undan keyin Rosatom O‘zbekistondagi kichik AES uchun uskunalar ishlab chiqarishni boshladi. Davlat korporatsiyasining Sankt-Peterburgdagi zavodida RITM-200N reaktor qurilmasi uchun 205 tonnalik birinchi quyma quyilgan.
Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida O‘zatom va MVM EGI Zrt o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va anglashuv memorandumi imzolandi. Bitim ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, yangi texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, AESlarda quruq sovitish tizimlarini yetkazib berish va amalda tatbiq qilishga qaratilgan. 2026-yildan O‘zbekistonda AESlarni sovutish uchun quruq gradirnyalar ishlab chiqarish boshlanadi.
May oyi oxirida O‘zatom va Italiyaning Ansaldo Energia S.p.A. kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasida uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Bundan tashqari, iyun oyida O‘zatom Fransiyaning Assystem kompaniyasi bilan ham anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat Toshkentda qo‘shma korxona tashkil etishni nazarda tutadi.