O‘zbekiston va Rosatom Jizzax viloyatida yirik atom elektr stansiyasini qurishga kelishib oldi, deya xabar bermoqda O‘zatom agentligi.
26-sentabr kuni “Jahon atom haftaligi” xalqaro forumi doirasida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) va Rosatom davlat korporatsiyasi o‘rtasida atom sohasida hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi hujjatlar imzolandi.
Tomonlar O‘zbekistondagi AES loyihasining ikkita katta quvvatli energoblok va ikkita kichik quvvatli atom stansiyasi (KQAS) blokidan iborat yangi konfiguratsiyasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
20-iyundagi bitimga O‘zbekistonda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi qo‘shimcha bitim AESning yangi konfiguratsiyasi bo‘yicha shartnoma tuzishni nazarda tutadi.
Tomonlar loyiha tarkibiga VVER-1000 3+ avlodiga asoslangan ikkita yuqori quvvatli energoblok va har biri 55 MVt quvvatga ega bo‘lgan RITM-200N reaktorli ikkita energoblok kiritilishiga kelishib oldilar.
Shuningdek, O‘zatom va Rosatom kichik va katta quvvatli AESlar uchun yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning asosiy shartlarini imzoladilar. Bu bir maydonchada integratsiyalashgan atom stansiyasi loyihasini kompleks ravishda amalga oshirish uchun asos yaratadi.
“Bugungi imzolash Rosatom va O‘zbekiston o‘rtasida tinch atom sohasida munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Erishilgan kelishuvlar tufayli O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ladi”, — deya izoh berdi Aleksey Lixachyov.
25-sentabr kunibosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Jizzax viloyatida 2 GVt quvvatga ega katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt quvvatga ega kichik atom elektr stansiyasi qurilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.
Avvalroq Spot kichik AESlar O‘zbekiston hududlarida energiya ta’minotini nomarkazlashtirishga yordam berishi haqida yozgandi.
O‘zatom rahbarining aytishicha, kichik modulli reaktorlar an’anaviy generatsiyadan, shu jumladan ko‘mirdan uzoqlashish imkonini beradi.