Avvalroq prezident rahbarligida paxta hosili yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari hamda Yashil makon loyihasi doirasidagi ishlar tahlili yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati ham ko‘rib chiqildi. Unda mamlakat bo‘yicha 640 ta maktab va bog‘chadan 125 tasida taʼmirlash ishlari hali yakunlanmagani qayd etildi.
Shu bilan birga, 9,8 ming ko‘p qavatli uyning qariyb mingtasi tayyor emas. Jizzax va Surxondaryodagi qozonxonalar taʼmiri ham oxirigacha yetkazilmagan.
Davlat rahbari ikki hafta ichida bu masalalarni hal etish, nimstansiya, elektr va suv tarmoqlarini mavsumga shay holatga keltirish zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, aholiga 55 ming tonna, shundan 381 ta olis qishloq va ovullarga 9 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berilgan.
Aholiga omborlardagi 27 ming tonna tarqatilmay qolgan ko‘mirni hamda kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarga 330 ming tonna suyultirilgan gazni to‘liq yetkazish topshirildi.
Gaz va elektr taʼminotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mutasaddilar shaxsan javobgar ekani ko‘rsatib o‘tildi.
“Yashil makon” dasturi doirasida bu yil bahorda ekilgan 137 mln ko‘chatning 27,5 mlni qurib qolgani tanqid qilindi. Bahor va yoz o‘rtasida issiq kunlar tez kelib qolishi oqibatida ekilgan ko‘chatlar unishga ulgurmayapti, ularga odatdagidan 2−3 barobar ko‘p suv sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.
Daraxtni kuzda ekishni ko‘paytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yilgi kuz mavsumida 125 mln tup daraxt va buta, bahorda yana 75 mlnta ekish rejalashtirildi. Sug‘orish tizimi va imkoniyati yo‘q joylarga ko‘chat ekish taqiqlanadi.
Shaharlarni “yashil” standartlarga muvofiq ilmiy asosda rivojlantirish maqsadida olimlar, urbanistlar va ekologlar ishtirokida Toshkent va Nukus shaharlari, barcha viloyat markazlarining “yashil” master rejalari ishlab chiqilishi belgilandi.
Avgust oyi avvalida prezident Toshkentdagi elektr tarmoqlarini kuz-qish mavsumigacha yangilashni topshirgandi.
Avvalroq O‘zbekistonda yashil energiya ishlab chiqarish 8 mlrd kVt/soatga yetgani haqida xabar berilgandi.