26-sentabr kuni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida hududlarda paxta hosili yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari ijrosi hamda “Yashil makon” dasturi doirasidagi ishlar tahlili yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Unda hududlar kesimida paxta yig‘imi surʼatlari va mavjud muammolar atroflicha ko‘rib chiqildi. Bu yil 875 ming gektar maydonga chigit ekilib, 3,7 mln tonna hosil uchun shartnomalar tuzilgan. Terim jarayonlariga 900 dan ortiq mashina jalb etildi, fermerlarga yoqilg‘i va o‘g‘it arzonlashtirilgan tartibda berildi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda rejadan orqada qolish holatlari kuzatilmoqda. Masalan, Surxondaryo, Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlari yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Samarqand, Sirdaryo va Navoiyda holat qoniqarsiz.
Prezident qisqa vaqt ichida joylarda favqulodda shtablar tuzib, hosilni sifatli yig‘ib olish, fermerlarni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor hal etib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu bilan birga, masʼullarga terilgan paxta uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash topshirildi.
Joriy yilgi paxta terimi uchun tavsiyaviy narx 2 ming so‘m etib belgilangandi. Fermerlarga paxta yetishtirish xarajatlarini qoplash uchun har 1 kg paxtaga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Avvalroq Spot 2026-yildan boshlab O‘zbekistonda fermerlar va dehqonlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga QQS bekor qilinishi haqida yozgandi. Imtiyoz paxta va g‘alladan tashqari sotilgan meva-sabzavot, go‘sht, sut, tuxum va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tatbiq etiladi.