Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) Markaziy Osiyo mamlakatlari hamda Mo‘g‘uliston iqtisodiyoti 2025-yilda o‘rtacha 6,1% ga o‘sishini kutmoqda. Bu haqda bankning mintaqaviy iqtisodiy prognozi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

Ushbu barqaror o‘sish sanoat ishlab chiqarishi, ichki talabning yuqoriligi, investitsiyalar, real ish haqining oshishi va yirik miqdordagi pul o‘tkazmalari bilan izohlanadi.

2026-yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotida ijobiy o‘sish saqlanib qolishi mumkin, biroq 5,2% gacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Asosiy xatarlar qatorida xomashyo narxlaridagi o‘zgaruvchanlik, pul o‘tkazmalariga bog‘liqlik hamda Rossiya va Xitoy bozorlariga doimiy qaramlik keltirilgan.

YTTB O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishi 2025-yilning birinchi yarmida 7,2% gacha tezlashganini qayd etdi. Kuchli ichki talab, real ish haqlarining o‘sishi va pul o‘tkazmalarining 28,7% ga ko‘payishi hisobiga xizmatlar sektori sezilarli kengayib, 8,2% ga yetdi.

Bundan tashqari, oziq-ovqat va metallurgiya mahsulotlarini ishlab chiqarish kuchayishi bilan sanoat ko‘rsatkichlari yaxshilandi. Tog‘-kon sanoati esa oltin narxlarining jahon bozorida oshishi tufayli foyda ko‘rdi va tabiiy gaz qazib olishdagi davom etayotgan pasayishni qoplashga yordam berdi.

Bank prognozlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 6,7% ga, 2026-yilda esa 6% ga o‘sadi.

Bu kuchli ichki iste’mol va investitsiyalar, shuningdek, xorijiy investitsiyalar yordamida diversifikatsiyalangan ishlab chiqarishning barqaror kengayishi bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, YTTB Qozog‘iston iqtisodiyoti joriy yilda 5,7%, 2026-yilda esa 4,5% ga o‘sishini kutmoqda. Qirg‘izistonda bu mos ravishda — 9% va 6%, Mo‘g‘ulistonda — 5,8% va 5,5%, Tojikistonda — 7,5% va 5,7% hamda Turkmanistonda 2025−2026-yillarda 6,3% ni tashkil etishi mumkin.

Avvalroq Yarim yilda O‘zbekistonning davlat qarzi $3,1 mlrdga oshib, $43,4 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. Davlat qarzi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $6,13 mlrdga o‘sdi. Uning asosiy qismi — $36 mlrddan ortig‘i tashqi qarz, $6,9 mlrdi esa ichki qarz hissasiga to‘g‘ri keladi.