Avvalroq Shavkat Mirziyoyev rahbarligida paxta yig‘imi, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, Yashil makon dasturi hamda investitsiya va eksport bo‘yicha ishlar tahlil qilingani haqida xabar berilgandi.

Joriy yil uchinchi choragi yakuni bilan O‘zbekistonga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi $33,5 mlrdga yetishi kutilmoqda. Yanvar-avgust oylarida eksport $23 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 31% ga o‘sdi.

Taʼkidlanishicha, investitsiya o‘sishi barcha hududlarda ham birdek emas. Ayrim hududlarda esa eksport ko‘rsatkichlari pasaygan.

Prezident mutasaddilardan yil yakunigacha $7,3 mlrd qo‘shimcha eksportni taʼminlash, sarmoyalarni jalb qilish va yangi bozorlarga chiqish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishni talab qildi.

AQSh shtatlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Har bir viloyat muayyan shtat bilan hamkorlik o‘rnatib, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy sheriklar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishiga ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda sakkiz yilda $120 mlrddan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingani haqida gapirgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha qanday hujjatlar imzolangani haqida yozgandi. Hujjatlar qatorida ko‘p tarmoqli klinika va taʼlim muassasasi tashkil etish, sunʼiy intellekt sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish kabi bitimlar mavjud.