Jizzax viloyatida quvvati 2 GVt bo‘lgan katta atom elektr stansiyasi va 110 MVt bo‘lgan kichik atom elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda 25-sentabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan Global atom forumida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Spot muxbiri.
“Bizning Rosatom bilan hamkorlikdagi loyihamiz mamlakat tarixidagi ilk AES bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Jizzax viloyatidagi yagona maydonchada har biri 1000 MVt quvvatga ega bo‘lgan ikkita yirik reaktor va har biri 55 MVt quvvatli ikkita kichik reaktor quriladi. Bunday kombinatsiyalashgan yondashuv bir vaqtning o‘zida 2,1 GVt asosiy quvvat ishlab chiqarish va moslashuvchan manyovr imkoniyatlarini ta’minlaydi”, — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2035-yilga borib 525 gektar maydondagi kombinatsiyalashgan atom elektr stansiyasi 15 mlrd kVt/soatdan ortiq energiya ishlab chiqaradi.
O‘z navbatida, Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachev O‘zbekiston hukumati kichik quvvatli AES maydoniga ikkita yirik AES blokini qo‘shish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi. “Biz O‘zbekiston hukumati bilan bu borada faol ish olib bormoqdamiz”, — deya qo‘shimcha qildi u.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonda kichik va yirik atom elektr stansiyalari loyihalarini birlashtirgan holda atom energetikasining integratsiyalashgan modelini rivojlantirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
“O‘zbekiston amalda kichik modulli reaktorlarni joriy etishda peshqadam hisoblanadi. Biz ularni yirik reaktorlar bilan integratsiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtiryapmiz, shu orqali keng qamrovli kompetensiyalar maktabini yaratamiz. Kichik modulli reaktorlarning kelajagi porloq ekanini yaxshi anglaymiz”, — dedi u.
20-iyun kuni O‘zatom va Rosatom davlat korporatsiyasi O‘zbekistonda katta quvvatli atom elektr stansiyasini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
Hujjat to‘rtta energiya blokigacha kengaytirish imkoniyati bilan ikkita VVER-1000 energiya bloki qurilishini amalga oshirishning asosiy shartlarini nazarda tutadi. Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyovning ta’kidlashicha, yirik AES qurilishi loyihasini ishlab chiqish “bir nechta masalalarni” hal qilishni talab qiladi.
Katta AES
2024-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq O‘zbekistonga “baribir yirik reaktor kerakligi”, bu 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40% ga yetkazish rejalari bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.
O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Alter Ego YouTube kanaliga bergan intervyusida O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun katta quvvatli to‘rtta AES kerak, degan fikrga qo‘shildi. “Biz har yili ko‘rayotgan tendensiyalar va iste’mol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta AES qurish zarur”, — degandi u.
Joriy yilning mart oyida O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda katta quvvatli AES qurish istiqbollarini muhokama qildi. Muzokaralar doirasida obyektni joylashtirish variantlari ko‘rib chiqildi, milliy energetika infratuzilmasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan loyihaning texnik va strategik parametrlari tahlil qilindi.
Shu oyda prezident yirik atom elektr stansiyasini joylashtirishning texnik-iqtisodiy jihatlari va uni qurish rejalarini ko‘rib chiqdi.
28-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev INNOPROM. Markaziy Osiyo xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida Rosatom bosh direktori Aleksey Lixachyov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tinch atom sohasidagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
“Agar emas, balki qachonki O‘zbekiston rahbariyati katta AES mavzusiga qaytganida, bizda allaqachon takliflar tayyor bo‘ladi — nafaqat ushbu bo‘lajak obyektlarning ko‘rinishi bo‘yicha, balki O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mahalliylashtirish bilan bog‘liq moliyaviy va tashkiliy masalalar bo‘yicha ham, katta hajmdagi ishlar bo‘yicha ham”, — dedi Lixachev.
Iyun oyida Rossiya OAV Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligiga tayanib, mamlakatning Rosatom davlat korporatsiyasi bosh pudratchisi bo‘lgan O‘zbekistonda AESni qurish loyihasi qayta formatlangani haqida yozdi. Hozirda gap ham kichik, ham katta AES qurilishi haqida ketmoqda.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Belarusni birinchi AES qurilishi loyihasiga qo‘shilishga taklif qilgani haqida yozgan edi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, O‘zatom AES qurish va undan foydalanish bo‘yicha Belarus tajribasini o‘rganmoqda.