Samarqandda birinchi yer osti chiqindi saqlash majmuasi tashkil etildi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ikkita yarim yer osti chiqindi saqlovchi maxsus qutilar majmuasi Samarqand shahrining Qorasuv massivi, “Obod maskan” MFYda ishga tushirildi.

Ular 2 metr chuqurlikda joylashtirilgan bo‘lib, konteynerlarning sig‘imi 3 metr kubni yoki 550 litrni tashkil etadi. Qutilarning har biriga 2 tadan jami 4 ta maxsus konteyner o‘rnatilgan.

Taʼkidlanishicha, bunda aholidan to‘planadigan maishiy chiqindilarning atrofga sochilib ketmasligi, issiq kunlarda turli noxush hidlar tarqalishining oldini olish maqsad qilingan.

Ushbu majmua 1000−1500 nafar aholiga xizmat qilishi kutilmoqda. Kelgusida bu kabi yer osti majmuasidan hududda yana 5 ta qurish rejalashtirilgan.

Iyul oyida Samarqandda Xitoy ishtirokidagi chiqindi yoqish zavodi qurilishi boshlangani haqida xabar berilgandi.

Avgust oyida prezident chiqindi mashinalarining harakatini onlayn kuzatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Spot, avvalroq, Toshkentda chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 808 ta holat aniqlangani haqida yozgandi.