Toshkent viloyatidagi ayrim bog‘chalarda yuzlab tarbiyalanuvchilar ommaviy zaharlanishi ortidan 7 kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Gazeta manbasi ma’lum qildi.

Ularning 3 nafari sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxona, qolgani autsorsing kompaniyalari mansabdor shaxslari hisoblanadi.

Gazeta’ning yozishicha, viloyatdagi bog‘chalarga oziq-ovqat yetkazib beruvchi autsorsing kompaniyalari Shark Milk Product kompaniyasidan sut mahsulotlarini sotib oladi. Kompaniya Toshkentning Uchtepa tumanida ro‘yxatdan o‘tgan, ishlab chiqarish Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan.

Poytaxt viloyatining Bo‘ka, Piskent, Bekobod, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi davlat bog‘chalariga uchta autsorsing kompaniyasi ovqatlanishni tashkil etish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.

Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, ushbu autsorsing kompaniyalarining barchasi avgust oyida o‘tkazilgan tender natijalariga ko‘ra yangilangan: Piskent tumani uchun Governess Business, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlari uchun Nishon Invest, Bo‘ka tumani uchun Innavation-Outsourcing-Service kompaniyalari mas’ul etib belgilangan.

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi ushbu uchta kompaniya ham Oqqo‘rg‘on tumanidagi Shark Milk Product kompaniyasidan yog‘lilik darajasi 3,2% bo‘lgan qatiq mahsulotlarini sotib olganini tasdiqladi.

Piskent va Bo‘ka tumanlarida bolalar bog‘chalari tarbiyalanuvchilari zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida 25-sentabr kuni ertalab ma’lum bo‘lgandi. Undan keyin viloyatdagi shifoxonalarga zaharlanishdan shikoyat qilgan bolalar soni 1922 nafarga yetdi. 27-sentabr holatiga ko‘ra, 694 nafar bolalar davolanmoqda.

Avvalroq xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi budjetdan qoplab berilishi xabar berilgandi. Bundan tashqari, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilari ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.