Moped va skuterlarni haydovchilik guvohnomasi va ro‘yxatdan o‘tkazmasdan boshqarish taqiqlanadi

Vazirlar Mahkamasi aprel oyida moped va skuterlarni ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini 30-sentabrgacha uzaytirgandi. 1-oktabrdan ushbu transport vositalari davlat raqamiga ega bo‘lishi shart. Bundan tashqari, haydovchilar uchun “A” toifali haydovchilik guvohnomasi majburiy bo‘ladi.

Moped yoki skuterni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish kerak:

  • shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ishonchnoma;
  • belgilangan namunadagi arizasi;
  • texnik tavsiflar aks ettirilgan savdo tashkilotlari (agar mavjud bo‘lsa);
  • unga bo‘lgan mulkiy va boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjat yoki xarid qilinganligini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud bo‘lsa);
  • moped yoki skuterni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularga davlat raqami belgilarini va guvohnomalarni berish uchun to‘lovlar to‘langanligini tasdiqlovchi kvitansiya (elektron to‘lov tizimlar orqali to‘lov amalga oshirilgan hollar bundan mustasno).

Tovar-xomashyo birjasi “chiroyli” avtoraqamlar savdosini to‘xtatadi

Respublika tovar-xomashyo birjasida joriy yilning 1-oktabridan boshlab davlat raqami belgilarining savdolari bekor qilinadi.

Sotilmagan kombinatsiyalar toifalarga qarab haydovchilarga taqsimlanadi. 1-dan 3-kategoriyagacha bo‘lgan raqamlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Uzavtomotobelgi korxonasi tomonidan “yagona oshirilgan to‘lov” evaziga sotiladi, uning miqdori korxona tomonidan belgilanadi. Qolgan kombinatsiyalar umumiy navbat tartibida beriladi.

o'zgarishlar, qonunchilik

Kompaniya Vazirlar Mahkamasining 4-sentabrdagi qarori (VMQ-562-son) asosida yagona oshirilgan to‘lov miqdorini belgilashi kerak. Uzavtomotobelgiga 1-oktabrgacha muddat berilgan.


Pensiya to‘lovlarida Face-ID orqali biometrik identifikatsiya joriy etiladi

Davlat pensiya ta’minotiga oid xizmatlarda yangi tartib joriy etiladi. Endilikda Xalq banki orqali pensiyalarni naqd pul shaklida olishda fuqarolar biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlanadi va to‘lov qaydnomasi planshet yordamida elektron imzo bilan rasmiylashtiriladi.

Adliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki so‘roviga asosan fuqarolarning biometrik identifikatsiya ma’lumotlarini bepul taqdim etadi. Biometrik tizimni joriy etish uchun zarur qurilmalar xaridi Pensiya jamg‘armasi va Xalq banki mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Elektron texnologiyalarni rivojlantirish markazi bilan birgalikda oktabrgacha fuqarolarga pensiya tayinlashda ayrim masalalarda yordam berish xizmatini joriy etishi kerak. Bular:

  • yoshga doir va nogironlik pensiyalarini proaktiv shaklda tayinlashda ish staji va ish haqiga oid elektron ma’lumotlardagi kamchiliklarni tuzatishda maslahat va yordam ko‘rsatish;
  • pensiya tayinlashda korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelmaganligini Call markaz tomonidan aniqlash.

Ayrim subsidiya va ssudalar ijtimoiy karta orqali beriladi

Hukumat qarori bilan Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibi belgilangan.

Jamg‘arma “Kambag‘al oilalar reyestri"dagi oila a’zolarining bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etishga ko‘maklashish uchun ularga hamda ular bandligiga yordam beruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga subsidiya, grant va ssudalar ajratadi.

Endi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fuqarolarga naqd pul shaklida beriladigan mablag‘lar bosqichma-bosqich ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.


Investitsiya platformalaridan “qumdon” rejimida foydalanishga ruxsat beriladi

Endi investitsiya platformalaridan “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimida bir qator yo‘nalishlarda foydalanishga ruxsat beriladi.

Jumladan, qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish va sotib olishda, venchur va pay fondlarini moliyalashtirishda hamda kommandit shirkatlarga hissa kiritishda foydalanish mumkin. Tartib 2026-yilning 1-oktabrigacha amal qiladi.

Investitsiya platformalari operatori uchun ham qator talablar belgilandi. Xususan:

  • rezident yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lishi;
  • vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladigan maxsus elektron reyestrga kiritilgan bo‘lishi;
  • o‘z faoliyatini vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan qoidalarga muvofiq amalga oshirishi;
  • investitsiya platformasi orqali rasmiylashtirilgan shartnomalar reyestrini yuritishi.

Har bir mahallada futbol maydoni yaratish uchun yangi dastur joriy etiladi

O‘zbekistonda futbol maydonlarini barpo etish bo‘yicha “Har bir mahallada futbol maydoni” dasturi joriy etiladi.

Uning doirasida mahallalardagi bo‘sh turgan davlat mulki obyektlari ularning bir qismida futbol maydoni barpo etish va kamida 10 yil mobaynida uning foydalanish maqsadini o‘zgartirmaslik sharti bilan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.

Auksion savdolari g‘oliblariga obyektning qolgan qismidan foydalanish va tasarruf etish huquqi beriladi. Obyektlar sotilmagan taqdirda boshlang‘ich bahosi 10% dan, ko‘pi bilan 50% gacha pasaytirilgan holda va sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.

Shuningdek, davlat mulki obyekti bo‘lgan futbol stadionlari va maydonlarining foydalanish maqsadlarini o‘zgartirish va sotuvga chiqarish taqiqlanadi.


Qimor o‘yinlari sohasidagi qonunbuzarliklar uchun jarimalar kuchga kiradi

9-oktabrdan qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatini tashkil etishdagi qoidabuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar kuchga kiradi. Ular Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilangan.

Xorijiy yuridik shaxslar tomonidan O‘zbekiston hududida litsenziyasiz internet orqali qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik idoralarini tashkil etish BHMning 25 ming baravari — 10,3 mlrd so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday jarima kazino, doimiy yoki ko‘chma o‘yin zallari va boshqa qimor o‘yinlari muassasalarini ochganlik uchun ham belgilangan.

Jinoiy daromadlarni legallashtirish bilan kurashish talablarini buzganlik uchun jarima BHMning 15 ming baravari (6,18 mlrd so‘m) miqdorini tashkil etadi. Qimor o‘yinlari tashkilotchilari tomonidan shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va ulardan foydalanish qoidalari buzilganda ham xuddi shunday miqdordagi jarima undiriladi.

Ruxsat etilmagan qimor o‘yinlarida ishtirok etish, lotereya chiptalarini sotib olish yoki bukmekerlik stavkalarini qo‘yish uchun pul qabul qilish BHMning 10 ming baravari — 4,12 mlrd so‘m miqdorida jarimaga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qimor o‘yinlari va bukmekerlik faoliyatini reklama qilish talablarini buzganlik uchun ham BHMning 10 ming baravari miqdorida jarima belgilangan.

Boshqa qoidabuzarliklar uchun sanksiyalar tashkilotchi kompaniya uchun ustav kapitalining eng kam miqdoridan ulush sifatida hisoblanadi.


Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi korxonalarga moliyaviy yordam beradi

Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Uning qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etilib, unga $200 mln yo‘naltiriladi. Agentlik korxonalarga 1-oktabrdan quyidagi moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini qo‘llaydi:

  • xalqaro brendlarni jalb qilish, standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish;
  • eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urtalashni moliyalashtirish xarajatlarini qoplash hamda mutaxassislarni o‘qitish uchun grantlar ajratish;
  • xorijiy davlatlarda savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish, reklama kampaniyalarini tashkil etish bilan bog‘liq chet eldagi xarajatlarining bir qismini qoplash.

Agentlikka investitsiyalar, sanoat va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Nozimjon Xolmurodov rahbarlik qiladi. Agentlik qoshida tajribali tadbirkorlardan iborat kengash tashkil qilinadi.


Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli kurslar o‘tkaziladi

Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida davlat xizmatidagi rahbarlar, rahbarlikka nomzodlar va boshqaruv kadrlari malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar joriy etiladi.

Bunda o‘quv reja va dasturlar davlat xizmati va boshqaruvining joriy va istiqboldagi vazifalari asosida ishlab chiqilib, 1 oygacha muddatda rahbarlik bilim va ko‘nikmalari rivojlantiriladi.

Shuningdek, mazkur kurslarga yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, amaliy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan tajribali ekspertlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari jalb qilinadi.