O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni saqlash bo‘yicha talablar startap ekotizimida kutilmagan oqibatlarga olib kelmoqda. Bu haqda Newmax Technologies, MyTaxi va Express24 kabi kompaniyalar asoschisi Akmal Paiziev o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

U bu kabi cheklovlar mahalliy hamda xorijiy kompaniyalar uchun faqat to‘siq bo‘lishini ta’kidlab, mavjud muammolarga to‘xtaldi. Asosiy masala — O‘zbekistonda bulutli xizmatlar mavjud emas, dunyo startaplari esa AWS, Azure hamda Google Cloud kabi bulutli xizmatlardan foydalanadi.

Bundan tashqari, xalqaro kompaniyalar qimmat infratuzilmaviy o‘zgarishlar tufayli bozorga kirishni xohlamaydi. Mavjud ma’lumotlar markazlari yuqori hamda hajm jihatdan cheklangan.

“O‘ztelekom monopoliyasi yangi data-markazlarga sarmoya kiritish imkoniyatini cheklaydi, elektr va suv tanqisligi esa katta hajmli data-markazlarni qurishni qiyinlashtiradi”, — deb yozadi Paiziev.

Tadbirkor bu kabi cheklovlar salbiy oqibatlarni keltirib chiqarayotganini qayd etdi: iste’dodli startaplar qo‘shni mamlakatlarga chiqib ketmoqda, xalqaro texnologik kompaniyalar O‘zbekiston bozorini chetlab o‘tmoqda, yuqori xarajatlar innovatsiyani offshorga olib ketmoqda hamda mahalliy biznes mintaqaviy raqobatda orqada qolmoqda.

Akmal Paizievning ta’kidlashicha, qonun yozuvchilari uchun “kirmay qolgan investitsiya” yoki “yaratilmay qolgan startap” muammo emasdek ko‘rinishi mumkin. Aslida esa, aynan shunday qarorlar ortidan mamlakat katta imkoniyatlarni yo‘qotmoqda.

Masalan, O‘zbekistonda o‘z mijozlariga ega Apple yoki Salesforce kabi kompaniyalar shaxsga oid ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga unchalik ham ahamiyat bermaydi, biroq, xuddi shunday servis yaratmoqchi bo‘lgan mahalliy kompaniya bu talablar sabab o‘n marta o‘ylab ko‘radi.

“Bizda 2010-yillarda ham shunday vaziyat bo‘lgan: kartografiya sohasida 1970-yillardan qolgan qonunlar tufayli litsenziya olib qonuniy ishlash juda qiyin edi. Lekin millionlab odamlar qonun talablariga amal qilmasdan Google Maps xizmatidan bemalol foydalangan”, — yozadi Akmal Paiziev.

U yaxshiroq yondashuv uchun quyidagi yechimlarni taklif qildi:

  • faqat haqiqiy himoyani talab qiladigan ma’lumotlar (biometrik, moliyaviy) uchun cheklov qo‘yish;
  • umumiy biznes ma’lumotlari uchun bulutli infratuzilmalardan foydalanishga ruxsat berish;
  • xalqaro Cloud provayderlar investitsiya kiritishi uchun rag‘bat yaratish;
  • O‘ztelekom monopoliyasini tugatib, data-markazlar uchun sog‘lom raqobat muhitini yaratish.

Paiziev Estoniya, Singapur va BAA kabi mamlakatlar tajribasini misol keltirib, ular global infratuzilmani qabul qilish orqali faqat haqiqatdan ham muhim bo‘lgan ma’lumotlarni himoya qilish orqali texnologik markazlarga aylanganini qayd etdi.

Yaqinda TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani Apple Pay va Google Pay bulutli xizmatlarni cheklovchi shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun tufayli O‘zbekiston bozoriga kira olmayotganini qayd etgandi. BILLZ bosh direktori Rustam Hamdamov esa mamlakatda ma’lumotlarni saqlash xarajatlari yuqoriligi va zamonaviy ma’lumotlar markazlari yetishmasligini ta’kidladi.

Bulutli infratuzilma

2024-yil dekabr oyida TBC Bank xalqaro operatsiyalar bo‘yicha rahbari Oliver Xyuz banklarga foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini O‘zbekiston va xorijdagi bulutli omborlarda saqlashga ruxsat berishni taklif qilgan edi.

“Bugungi kunda banklarga shaxsiy va bank ma’lumotlarini saqlash bo‘yicha qat’iy talablar mavjud. Ularni o‘z hisoblash markazlarimizda saqlashimiz kerak. Bu esa ancha qimmat va kengaytirish qiyin”, — dedi u.

Top-menejer ushbu taklif nafaqat texnologiya sanoati va bank sektorini rivojlantirish, balki “hozirda O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan” ko‘plab hisoblash quvvatlarini talab qiladigan sun’iy intellektni rivojlantirish uchun ham muhimligini ta’kidladi. Xyuzning qayd etishicha, TBC Uzbekistan o‘z chat-botlarini ishlab chiqmoqda va allaqachon qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Davlat rahbari, mazkur masala haqiqatdan ham dolzarb ekanini, mamlakat kelajagi sifatida sun’iy intellektga jiddiy e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, prezident bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Markaziy bank raisi Timur Ishmetov hamda Adliya vaziri Akbar Toshqulovga tegishli takliflar ishlab chiqishni topshirdi.

“Biz har tomonlama puxta o‘ylab, yagona to‘g‘ri qaror qabul qilishimiz kerak. Gap fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari haqida bormoqda va bu juda jiddiy masala. Bu yerda xato qilishga haqqimiz yo‘q”, — dedi prezident.

Iyul oyida Green White Solutions asoschisi Abduqahhor Toshmuhamedov O‘zbekistonda sifatli ma’lumotlar markazlari yetishmasligini aytgan edi. Kompaniya 10 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritadi, biroq shaxsiy ma’lumotlarni mamlakat hududida saqlash talabi tufayli mahalliy mijozlar bilan muammolar yuzaga kelmoqda.

“Biz mamlakat ichida ishlaganimizda bu muammoga doimo duch kelamiz. Mijozlarda [shaxsiy ma’lumotlar] O‘zbekiston hududida saqlanadimi, yo‘qmi, degan savol tug‘iladi. Lekin, hech kim [bu talabga] javob beradigan ma’lumotlar markazi mavjudligi masalasiga e’tibor qaratmaydi. Tier III standartiga javob beradigan birorta ham data-markaz yo‘q”, — dedi Abduqahhor Toshmuhamedov.

Raqamli texnologiyalar vazirligi rahbarining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov Zangiota tumanidagi ma’lumotlar markazi Tier III xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Shuningdek, obyektni kengaytirishni nazarda tutuvchi qurilishning ikkinchi bosqichini boshlash to‘g‘risida bitim imzolandi. Bundan tashqari, 2025-yilda O‘zbektelekom Qo‘qon, Buxoro va Ohangaronda uchta ma’lumot markazini foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.

Avvalroq Raqamli texnologiyalar vazirligi banklarga birgalikda GPU-klasterlarini qurishni taklif qilgani haqida xabar berilgandi. DXSh asosidagi jarayonda bank uskunalarni sotib olish uchun kredit beradi, vazirlik esa GPU quvvatlarini sotib oladi va ulardan foydalanish imkoniyatini yaratadi.