Yandex O‘zbekistonda startaplarga investitsiya kiritish uchun venchur fondini ishga tushirmoqda. Bu haqda Yandex Uzbekistan matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.
Kompaniya jamoasi ICT Week 2025 doirasida Yango Ventures ishga tushirilishini e’lon qildi. Yango Group bosh tuzilmasi tomonidan tashkil etilgan jamg‘arma hozirda Lotin Amerikasi, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari loyihalari bilan ishlamoqda.
Fond korporativ bulut xizmatlari (B2B SaaS), moliyaviy texnologiyalar va O2O (online-to-offline) sektoriga e’tibor qaratadi. Undan dastlabki bosqichdagi (seed) hamda B seriyagacha bo‘lgan loyihalar foydalanishlari mumkin.
“Yangi venchur fondining vazifasi odamlar bilan birga o‘sishdir. Iste’dodlarni vositalar va resurslar bilan qo‘llab-quvvatlab, biz O‘zbekistonda barqaror raqamli iqtisodiyotni qurishga yordam bermoqchimiz”, — dedi Yandex Uzbekistan rahbari Izzat Shukurov.
Yango Ventures’ning investitsiya kapitali $20 mlnni tashkil etadi, uni kelajakda kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, fondning ekspertlar kengashi tarkibiga fintex, ko‘ngilochar, mobillik, sun’iy intellekt va boshqa sohalardagi mahsulotlarni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassislar kiradi.
Avvalroq Spot Tilmoch onlayn tarjimoni AloqaVentures va boshqa investorlardan $150 ming jalb qilgani haqida yozgandi.