Raqobat qo‘mitasi yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon xarid qilgan fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, xonadon xarid qilishda shartnoma tuzishdan oldin uning barcha shartlari bilan atroflicha tanishib chiqish juda muhim. Agar huquqiy bilim yetarli bo‘lmasa, malakali yurist yoki advokat xizmatidan foydalanish orqali shartnoma mazmunini to‘liq o‘rganib chiqish tavsiya etildi.

Shuningdek, agar tuzilgan shartnomada qonunchilik normalariga zid bo‘lgan talablar yoki isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi bandlar aniqlansa, ushbu holat yuzasidan belgilangan tartibda sudga yoki vakolatli davlat idoralariga murojaat qilish mumkin.

Raqobat qo‘mitasi ko‘magi bilan, 8 nafar isteʼmolchining qurilish tashkilotlari bilan tuzilgan shartnomalari bekor qilingan. Shuningdek, asossiz jarima qo‘llanishining oldi olinib, fuqarolarga 1,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarildi.

O‘zi nima gap?

Raqobat qo‘mitasiga joriy yilning 8 oyida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishi va xaridlari bo‘yicha 1000 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Ularda yangi uy-joylarni o‘z vaqtida topshirmaslik, shartnomada belgilangan talablarni bajarmaslik, reklama va eʼlonlarda ko‘rsatilgan loyihalarga amal qilmaslik kabi holatlar bayon etilgan.

Shuningdek, murojaatlarni o‘rganish jarayonida ayrim qurilish korxonalari shartnomalarga qonunchilikka zid bandlar kiritayotgani ham aniqlandi.

Xususan, shartnoma shartlarida “agar isteʼmolchi o‘z tashabbusi bilan shartnomani bekor qilsa, qurilish tashkiloti isteʼmolchi tomonidan to‘langan mablag‘ning yoki shartnoma qiymatining 10% i miqdoridagi summani jarima sifatida ushlab qolish huquqiga ega” deb belgilangan holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.

Amalda esa bunday talablar qonun normalariga zid hisoblanadi.

Fuqarolik kodeksi ning 385-moddasida shartnoma bekor qilinganda faqat ikkinchi tarafga aniq zarar yetkazilgan taqdirdagina uni qoplash mumkinligi belgilangan. 14-moddada “zarar” tushunchasi haqiqiy zarar va boy berilgan foyda sifatida ko‘rsatilgan bo‘lib, amalda isteʼmolchi shartnomani bekor qilganda qurilish tashkilotiga zarar yetmaydi.

Chunki ko‘p qavatli uylar tipik loyiha asosida quriladi va qurilish tashkilotlari bunday obyektlarni osonlikcha boshqa xaridorga sotishi mumkin. Bundan tashqari, uylarga talab yuqori va narxlar yildan yilga ortib borayotgani qurilish tashkilotlari ko‘p hollarda foyda ko‘rishini taʼminlaydi.

Kodeksining 260-moddasida ham neustoyka (jarima, penya) qarzdor o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollardagina qo‘llanishi mumkinligi belgilangan.

Aksariyat hollarda esa isteʼmolchi o‘z to‘lov majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarib bo‘ladi, qurilish tashkiloti esa uyni topshirmagunga qadar qarzdor maqomida qoladi.

Shu bois, isteʼmolchining tashabbusi bilan shartnoma bekor qilinganda undan jarima undirish qonunga zid hisoblanadi.

Bu holat “Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun ning 21-moddasiga ko‘ra, isteʼmolchi huquqlarini cheklovchi va qonunga zid bo‘lgan shartlar haqiqiy emas deb hisoblanadi, 23-moddasida esa isteʼmolchining ustuvor huquqi kafolatlangan.

Shuningdek, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi qonun ning 9-moddasida tadbirkorlar raqobat va isteʼmolchilar huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka amal qilishi shartligi belgilangan.

Avvalroq avgust oyida uy-joy savdolari iyul oyiga nisbatan biroz pasaygani, ammo yillik hisobda bozor qariyb 13% ga o‘sgani haqida xabar berilgandi.