2025-yilning yanvar-sentabr oylari yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu haqda Spot o‘rgangan Markaziy bank ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.

Sentabr oyida milliy valyuta dollarga nisbatan 414,62 so‘mga yoki 3,32%ga qimmatlashib, 12 067,76 so‘mni tashkil etdi. Oyning birinchi yarmida valyutalar kursi 12 400 so‘mdan yuqori bo‘ldi. Biroq, ikkinchi yarmida milliy valyuta keskin mustahkamlana boshladi va ikki hafta ichida deyarli 359 so‘mga qimmatlashdi. So‘nggi savdo kunida dollar kursi 2023-yil avgust oyidan beri birinchi marta 12 100 so‘mdan pastladi.

Joriy oy yakuniga ko‘ra, aksariyat tijorat banklarida dollar kursi 12 ming so‘mdan biroz yuqori darajada saqlanib qoldi. Eng qimmat AQSh valyutasini Asia Alliance Bank va Hayot Bank xarid qilmoqda — 12 040 so‘m, eng qulay sotuv kursi esa Octobank tomonidan taklif etilmoqda — 12 130 so‘m.

Birinchi to‘qqiz oyda milliy valyuta dollarga nisbatan 6,6% ga yoki 852 so‘mga mustahkamlandi. 2024-yilda esa o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71% ga, mutlaq hisobda 581,78 so‘mga qadrsizlandi.

dollar kursi, markaziy bank, sentabr

Dollar nega arzonlashmoqda?

Kap Depo investitsiya kompaniyasi so‘mning mustahkamlanishini uchta sabab bilan izohlaydi: jahon bozorida dollarning zaiflashishi, shuningdek, transchegaraviy tushumlarning o‘sishi va oltin eksporti hajmining ko‘payishi.

Tahlilchilarning fikricha, valyuta kursining 12 ming so‘mdan pastga tushishi dargumon. Oktabr oyi oxiriga kelib dollar 12 400 so‘m atrofida, yil oxiriga kelib esa 12 510−12 620 so‘m atrofida bo‘lishi mumkin.

Investitsiya kompaniyasi tomonidan qayd etilishicha, milliy valyutaning barqarorligi ko‘p jihatdan global valyuta bozori konyunkturasi bilan emas, balki ichki kapital oqimlari va eksport tushumlari bilan ta’minlanadi.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev o‘zining Telegram-kanalida xabar berishicha, sentyabr oyida tanlab olingan bir qator valyutalar orasida o‘zbek so‘mi dollarga nisbatan eng ko‘p mustahkamlangan. Undan keyingi o‘rinlarda Chexiya kronasi va Braziliya reali turibdi, ular AQSh valyutasiga 2%dan kamroq ko‘tarilgan.

Sentyabr oyida Qozog‘iston tengesi dollarga nisbatan 1,2% ga, Rossiya rubli esa 4% ga arzonlashdi. Yirik valyutalar orasida Shveysariya franki (+0,9%) va yevro (+0,7%) mustahkamlandi, funt sterling (-0,6%) va yapon iyenasi (-1,6%) zaiflashdi.

Xolboyevning ta’kidlashicha, sentabr oyida dollar kursi savdo sessiyalarining uchdan biridan kamrog‘ida — 22 tadan atigi 7 tasida o‘sgan. Bundan oldingi eng past ko‘rsatkich 2024-yil iyunda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda kurs faqat 6 ta sessiyada mustahkamlangan edi.

dollar kursi, markaziy bank, sentabr

Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktori o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov Spot muxbirining O‘zbekistondagi hozirgi dollar kursi bozor talabiga javob beradimi, degan savoliga javob berdi.

“Mening fikrimcha, dollar kursi bozor talabiga to‘liq javob bermaydi. Agar bu kurs nimaga asoslanganiga eʼtibor qaratsak, eksportning 38%i oltin yetkazib berishdan kelmoqda. Demak, oltin sotilishi kursni ushlab turishga yo‘naltirilgan. Bu esa to‘liq bozor kursi emasligini anglatadi. Bu mamlakat oltin tushumlaridan valyuta kursini ushlab turish uchun faol foydalanayotganining bilvosita belgisidir. Bozordagi talab va taklif asosan oltin sotish hisobiga qoplanmoqda. Mana shu holat bozor usullari to‘liq qo‘llanilmayotganini ko‘rsatadi”, — dedi u.

Abduqodirovning ta’kidlashicha, valyutalar almashuv kursida dollarning jahon bozoridagi xarid qobiliyati pasayishi aks etadi, biroq dollar boshqa valyutalarga nisbatan o‘zbek so‘miga qaraganda kuchliroq tushmoqda.

Bundan tashqari, u uzoq vaqt davomida almashuv kursining barqarorligiga eʼtibor qaratib, valyutaga bo‘lgan talab va taklif o‘zgarmayotgandek taassurot uyg‘onayotganini, aslida bunday emasligini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Markaziy bank oltin narxining oshishi o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan mustahkamlanishi bilan bog‘liqligini rad etdi. Joriy yil boshidan buyon oltin-valyuta zaxiralari va oltin eksporti tarixiy maksimumni yangiladi.

“Oltin-valyuta zaxiralari xorijiy valyutada shakllantirilgani sababli [oltin narxining oshishi va dollar kursi o‘rtasida] korrelyatsiya mavjud emas. So‘mga hech qanday aloqasi yo‘q. E’lon qilinadigan statistikada zaxiralar hajmi AQSh dollarida aks ettiriladi. Bu yerda so‘mning ishtiroki yo‘q”, — dedi Xalqaro rezervlarni boshqarish departamenti rahbari Sanjar Valiyev.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda dollar kursi 2023-yil avgustidan beri birinchi marta 12 100 so‘mdan pastga tushgani haqida yozgandi.