Toshkent viloyatidagi ayrim bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bu kabi holatlar Piskent, Bo‘ka, Bekobod, Quyichirchiq va Oqqo‘rg‘on tumanlarida sodir bo‘lgan.

Holat bo‘yicha bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257−1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishi uchun jinoyat ishi Bosh prokuratura nazoratiga olinib, bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi.

Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalari tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha bog‘chalardagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etildi.

Hozirda, tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida.

Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish uchun prokuratura tomonidan barcha davlat bog‘chalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishini o‘rganish ishlari tashkil etildi.

O‘zi nima gap?

24-sentabr kuni Toshkent viloyatidagi bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilarida oshqozon-ichak faoliyati buzilishi belgilari kuzatildi. Bunga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lgani taxmin qilingandi.

25-sentabr kuni kechqurun MMTV kasalxonalarda 109 nafar bola, jumladan, Quyi Chirchiq tumanida 12 nafar va Oqqo‘rg‘on tumanida 97 nafar bola borligini maʼlum qildi.

Nurmat Otabekov Gazeta‘ga 26-sentabr kuni kechqurun viloyatdagi shifoxonalarga jami 1922 nafar bola zaharlanishdan shikoyat qilib murojaat qilganini bildirdi. Ularning 930 nafardan ortig‘ida kasallik tasdiqlanmay, uyiga javob berilgan. Shu kuni ertalab 961 nafar bemor ro‘yxatda turgan bo‘lib, ulardan 941 nafarining ahvoli yengil, 22 nafarining ahvoli o‘rtacha.

Gazeta manbasining xabar berishicha, ommaviy zaharlanishi ortidan 7 nafar shaxs ushlangan. Ularning 3 nafari mahsulot ishlab chiqaruvchi korxona, qolgani autsorsing kompaniyalari mansabdor shaxslari.

Bolalar ombudsmani ta‘lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar ommaviy zaharlanishi holatlari bolaning sog‘lig‘ini saqlash huquqini ta‘minlanlash monitoringi doirasida alohida nazoratda o‘rganilishini maʼlum qildi.

Tergov organlari tomonidan holatga to‘liq huquqiy baho berilib, barcha aybdor shaxslarga qonun doirasida qat‘iy javobgarlik choralari ko‘rilishi shart ekanligi taʼkidlandi.

Qo‘shimcha qilinishicha, bunday noxush holatlarning oldini olish, jumladan ta‘lim muassasalarida bolalarni ovqatlanishi xavfsizligini ta‘minlash maqsadida sohani tartibga soluvchi standartlarga rioya qilinishi ustidan alohida qat‘iy sifat nazorati o‘rnatilishi lozim.

“Bunday sifat nazorati mexanizmi bolalar ovqatlanishiga oid xizmatlarni ko‘rsatish tizimini doimiy monitoring qilish orqali amalga oshirilishi kerak. Xususan, xizmat ko‘rsatuvchi (autsorser) korxonalar o‘z faoliyatida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq olib borayotganligi, oziq-ovqat mahsulotlarining belgilangan talablarga javob berishi va boshqa standartlarga rioya etish darajasi doimiy o‘rganilishi kerak”, deyiladi Bolalar ombudsmani munosabatida.

29-sentabr holatiga ko‘ra Toshkent viloyatida shifoxonalarda davolanayotgan bolalar soni 38 nafarni tashkil etmoqda.

Avvalroq xususiy bog‘chalardagi tarbiyachilar oyligi va bola xarajatining bir qismi budjetdan qoplab berilishi xabar berilgandi. Bundan tashqari, davlat va xususiy bog‘cha tarbiyachilari ishdan ajralmagan holda oliygohlarda o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.