O‘zbekistonga 2025-yilning yanvar-avgust oylarida jami 7,5 mln nafar chet el fuqarolari turistik maqsadlarda tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 2,5 mln nafarga yoki 49,1% ga oshgan.
Eng ko‘p sayyoh Qirg‘izistondan kelgan — 2,16 mln. Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga qaraganda 48,9% ga ko‘p. Dastlabki uchlikka 1,769 mln tashrif buyuruvchi bilan Qozog‘iston (+73,5%) va 1,699 mln kishi bilan Tojikiston (+15,6%) kirgan.
Rossiyadan kelgan sayyohlar soni qariyb chorak qismga oshib, 663,2 ming kishini tashkil etdi. Afg‘oniston, avval birinchi o‘nlikka kirmagan bo‘lsa-da, 304,5 ming mehmon bilan beshinchi o‘ringa ko‘tarildi. Turkmaniston esa oltinchi o‘rinni egalladi — 243,5 ming sayyoh. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 baravar ko‘pdir.
Uzoq xorij mamlakatlaridan Xitoy sayyohlar soni bo‘yicha yetakchiga aylandi, u uch baravardan ziyod o‘sishni qayd etdi — bir yil avvalgi 42 mingga nisbatan 135,4 ming nafar. Turkiya (113,1 ming) 1,5 baravardan ko‘proq o‘sishga qaramay, sakkizinchi o‘ringa tushib qoldi.
Shuningdek, sakkiz oy davomida O‘zbekistonga Hindistondan 42,2 ming (+8%) va Janubiy Koreyadan 30 ming (+6,5%) fuqaro tashrif buyurdi. Boshqa mamlakatlarga jami 349,8 ming sayyoh to‘g‘ri keldi.
Sayyohlarning uchdan ikki qismidan ko‘prog‘i (5,16 mln) O‘zbekistondagi qarindoshlarini yo‘qlash uchun tashrif buyurgan. Qariyb 1,15 mln xorijlik hordiq chiqarish va dam olish maqsadida, yana 837,5 ming nafari xizmat va 287,7 ming nafari tijorat maqsadlarida keldi.
Bundan tashqari, 62 mingdan sal ko‘proq kishi davolanish uchun kelgan sayyoh va 14,2 mingi xorijiy talabalar hisoblanadi.
Strategik islohotlar agentligi ichki turizmni rivojlantirish uchun hududlararo to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlar kerakligini aytgandi.
Spot, avvalroq, Uzbekistan Airways keksalar uchun 15% gacha chegirma e’lon qilgani haqida yozgandi.