Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot kotibi Lola Rahmanining ma’lum qilishicha, Bo‘zsuv kanali ifloslanishi holati bo‘yicha Toshkent suv ta’minoti korxonasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanaliga oqova suvlar tashlanayotgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Ekologiya vazirligi ushbu holat yuzasidan tegishli tergov o‘tkazilganini tasdiqladi.

Oqova suvlarning chiqish joylarida o‘tkazilgan laboratoriya tahlillari Bo‘zsuv aeratsiya inshootida ekologik me’yorlar keskin buzilganini ko‘rsatgan.

Birinci sonli tashlamada muallaq moddalar me’yoridan 23,7 marta, ammoniy ioni 101,9 marta, azot nitrit 3,5 marta, sulfatlar 2,3 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 19,6 marta, neft mahsulotlari 2,52 marta, mis 4,16 marta, temir esa 12,4 marta yuqori chiqdi.

Uchinchi sonli tashlamada ham muallaq moddalar me’yoridan 22,1 marta, ammoniy ioni 19,9 marta, azot nitrit 8,5 marta, sulfatlar 2,8 marta, fosfatlar 1,3 marta, BPK 17 marta, neft mahsulotlari 1,78 marta, mis 3,3 marta va temir 3,6 marta ortiq bo‘lgani aniqlangan.

Dastlabki tekshiruv natijasida atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 1,51 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi hisoblandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan Toshkent suv ta’minotiga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”) va 207-moddasi (“Mansabga sovuqqonlik bilan qarash”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov Toshkent prokuraturasiga o‘tkazildi.

Bir kun avval Toshkent suv ta’minoti matbuot xizmati to‘qimachilik korxonalarini kanalizatsiyaga kimyoviy chiqindilar va bo‘yoq moddalarini tozalamasdan oqizishda ayblagan edi. Tozalash inshootlarining qimmatligi sababli ba’zi ishlab chiqaruvchilar oqova suvlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kanalizatsiyaga tashlamoqda, deya ta’kidladi davlat kompaniyasi.


Avvalroq Spot Ekologiya vazirligi 57 ta korxona faoliyatini to‘xtatgani haqida yozgandi.

Ekoinspektorlar atmosferaga chiqarilayotgan chiqindilar tufayli 154 nafar shaxsga nisbatan bayonnoma tuzishdi.