Afg‘oniston hukumati “axloqsiz xatti-harakatlarning oldini olish” maqsadida mamlakatda internetni butunlay o‘chirib qo‘ydi, deb yozadi CNN.
U 29-sentabrda boshlangan. NetBlocks xalqaro internet monitoringi xizmati Afg‘onistonda tarmoqlar to‘liq o‘chirilgani va mobil aloqa bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berdi.
Mamlakat viloyatlaridan birining hokimining aytishicha, ko‘rsatma Tolibon oliy rahbariyatidan kelgan. Bundan oldin ular “axloqsizlik harakatlarining oldini olish” maqsadida butun mamlakat bo‘ylab internetni o‘chirib qo‘yishni rejalashtirganliklarini ma’lum qilishgan edi.
Afg‘oniston aholisi taxminan 43 mln kishini tashkil etadi. CNN nashrining xabar berishicha, to‘xtatish tufayli afg‘onlar chet elda yashovchi qarindoshlari bilan aloqa o‘rnata olmayaptilar.
Shuningdek, seshanba kuni ertalab parvozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Qobulga kelishi kutilayotgan bir necha reyslar bekor qilinganini ko‘rsatdi.
Xalqaro axborot agentliklari — Tolo News, Associated Press va AFP ham Afg‘onistondagi muxbirlari bilan aloqani yo‘qotdi. Mamlakat rasmiylari vaziyatga rasman izoh bermadi.
Avvalroq Spot Rossiyada 1-sentabrdan internet va reklama bo‘yicha yangi cheklovlar kuchga kirgani haqida yozgandi.
Unga ko‘ra, internetda ekstremistik deb topilgan materiallarni ataylab qidirish taqiqlanadi. Bunday havolaga o‘tganlik uchun 5000 rublgacha jarima solinadi. Shuningdek, bunday fayllarni qurilmaga yuklab olish ham man etiladi.
Onlayn-kinoteatrlar an’anaviy qadriyatlarga zid bo‘lgan barcha filmlarni olib tashlaydi. Bundan tashqari, agar badiiy g‘oya bilan asoslanmagan yoki tibbiy va farmatsevtika nashrlariga tegishli bo‘lmasa, adabiyot va kinoda taqiqlangan moddalarni tilga olish mumkin emas.
Musiqa sohasida ham taqiqlangan mavzular belgilandi. Ayrim ijrochilar o‘z qo‘shiqlarini platformalardan o‘chirib tashlanishining oldini olish uchun allaqachon ularni qayta yozishni boshladilar.
Qayd etilishicha, bloklangan ijtimoiy tarmoqlarda reklama joylashtirish taqiqlanadi. Ilgari e’lon qilingan reklamalar ham olib tashlanishi kerak.