OpenAI rahbari Sem Altmanning ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt modellari 2030-yilga kelib odamlarning qobiliyatlaridan oshib ketadi.

GPT-5 kompaniyasining so‘nggi modeli allaqachon ba’zi odamlardan “ko‘p jihatdan” aqlliroq — “hech bo‘lmaganda mendan,” dedi Altman.

Uning fikricha, bir necha yildan keyin neyron tarmoqlar “odamlar o‘zlari qila olmaydigan” ilmiy kashfiyotlarni amalga oshiradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilga kelib yangi “hayratlanarli” modellar paydo bo‘ladi, 2030-yilga kelib esa ular odamlar qila olmaydigan ishlarni amalga oshirishga qodir bo‘ladi. Altman neyron tarmoqlari rivojlanishining sekinlashuvi belgilarini ko‘rmayapti.

“Yaqin kelajakda iqtisodiyotdagi vazifalarning 30−40%ini sun’iy intellekt bajaradigan dunyoni osongina tasavvur qila olaman”, — dedi Altman.

Shuningdek, undan kompaniya Apple’ning sobiq bosh dizayneri Joni Ayv bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan taqiladigan qurilmani bozorga chiqarish istiqbollari haqida so‘rashdi.

Rejada “qurilmalar oilasi” mavjud bo‘lib, “ular shubhasiz chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ladi”. Altman qo‘shimcha qilishicha, hozirda tadqiqot bosqichi davom etmoqda va yaqin kelajakda prototiplarni kutish o‘rinsiz.

OpenAI’ning asta-sekin tijorat tashkilotiga o‘tishi haqidagi tanqidga bosh direktor shunday javob berdi: kompaniyaning notijorat tuzilmasi hali ham mavjud va doimo shunday bo‘lib qoladi.

Avvalroq Ilon Mask 2025-yil oxirigacha sun’iy intellekt inson qobiliyatlaridan oshib ketishi haqida gapirgandi.

Mask 2025-yil oxirigacha sun’iy intellekt har qanday odamning aqlidan, 2027−2028-yillar oralig‘ida esa ehtimol barcha insonlarning aqlidan ustun bo‘lishini taxmin qilmoqda.


Avvalroq Spot Albaniya dunyodagi birinchi sun’iy intellekt vazirni tayinlangani haqida yozgandi.

Diella nomli virtual hukumat a’zosi barcha davlat xaridlarini nazorat qilish bilan shug‘ullanadi.