Avvalroq prezident iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanish va qishloq xo‘jaligi quyi bo‘g‘inida boshqaruv tizimini takomillashtirish bo‘yicha farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Ekologiya vazirligi va O‘rmon agentligi kosmik monitoring maʼlumotlari orqali aniqlangan daraxtzorlar noqonuniy kesilishi holati bo‘yicha maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab 5 kun ichida joyiga chiqib o‘rganadi. Ular tomonidan tasdiqlovchi hujjatlar integratsiya orqali SGM platformasiga kiritiladi.

Shuningdek, qonuniy choralar ko‘rilgan kundan so‘ng 1 kun ichida bu haqdagi maʼlumotlar Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligiga taqdim etiladi. Bunda 2026-yil 1-martdan ushbu maʼlumotlar integratsiya orqali raqamli ko‘rinishda SGM platformasiga kiritib boriladi.

Shu sanadan Ekologiya vazirligi har yili somonpoyalarni yoqish holatlari bo‘yicha maʼlumot taqdim etilgan kundan boshlab 1 kun ichida joyiga chiqib o‘rganadi.

Kelasi yil 1-iyuldan hududlarda agentlikning aerokosmik maʼlumotlaridan samarali foydalanish holati bo‘yicha mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar reytingini yuritish yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil O‘zbekkosmos dala yong‘inlarini kuzatish imkonini beruvchi portalni ishga tushirgandi.

Spot, avvalroq, O‘zbekistonda daraxtzorlarning noqonuniy kesilishi kosmik monitoring orqali aniqlanishi haqida yozgandi.