OpenAI ChatGPT’ga tovarlarni sotib olish funksiyasini qo‘shdi, deya xabar bermoqda vc.ru nashri.
Kompaniya tomonidan qayd etilishicha, funksiya hozirda faqat AQShdagi foydalanuvchilar uchun mavjud hisoblanadi.
Instant Checkout funksiyasi Agentic Commerce Protocol asosida ishlaydi — bu sun’iy intellektdan foydalangan holda elektron tijorat uchun ochiq protokoldir. OpenAI uni Stripe bilan hamkorlikda ishlab chiqgan.
AQShdagi ChatGPT foydalanuvchilari Etsy’da taqdim etilgan mahsulotlarni xarid qilishlari mumkin. Yetkazib berish manzilini tasdiqlash va to‘lovni o‘z ichiga olgan rasmiylashtirish jarayoni to‘liq chatda amalga oshiriladi — do‘kon sahifasiga o‘tishning hojati yo‘q.
OpenAI sotuvchilardan tranzaksiyalar uchun komissiya oladi (uning miqdori oshkor qilinmagan), biroq bu xaridor uchun yakuniy narxga “ta'sir ko‘rsatmaydi”.
Hozircha faqat bitta mahsulotga buyurtma berish imkoniyati mavjud. Kelajakda savatga bir nechta mahsulotlarni qo‘shish imkoniyati yaratiladi.
OpenAI, shuningdek, buyurtmalarni rasmiylashtirish uchun mavjud platformalar ro‘yxatini kengaytirishni rejalashtirmoqda — keyingi bosqichda Shopify qo‘shiladi.
Avvalroq Spot ChatGPT’ga ota-onalar nazorati rejimi qo‘shilishi haqida yozgandi.
Yangi boshqaruv panelida ular o‘smir yoshi bo‘yicha sun’iy intellekt uslubini tanlash, suhbatlar tarixini va “xotira” funksiyasini boshqarish imkoniga ega bo‘ladi.