Ijtimoiy karta orqali xarid qilingan tovarlar bo‘yicha QQSni qaytarish soddalashtiriladi. Bu haqdagi vaqtinchalik nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjat bilan, ayrim turdagi tovarlar (xizmatlar) ijtimoiy karta orqali xarid qilinganda, soliq summasi oyiga BHMning 10 baravarigacha (4,12 mln so‘m) bo‘lgan xaridlar summasi doirasida qaytariladi.
Keshbekning eng yuqori miqdori 494 400 so‘mni tashkil etadi (bu xaridlarning maksimal summasining 12% iga teng). To‘lov amalga oshirilgan ijtimoiy kartalarga pul mablag‘lari 2 ish kuni ichida o‘tkazib beriladi.
Soliq qo‘mitasi avtomatlashtirilgan dastur orqali aniqlangan soliq summasi bo‘yicha buyurtmani ijtimoiy kartadan to‘lovlar amalga oshirilgan kunda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etadi.
Vazirlik G‘aznachilik xizmati qo‘mitasiga Soliq qo‘mitasining maxsus hisobvarag‘iga buyurtma olgan kunda to‘langan soliq summasini qaytarib berish uchun mablag‘larni o‘tkazadi.
Qo‘mita soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning reyestrini vakolatli bankka 1 ish kunida taqdim etadi. Bank esa pullarni 1 ish kunida soliq summasi qaytarilishi tasdiqlangan jismoniy shaxslarning ijtimoiy kartalariga o‘tkazadi.
Ijtimoiy kartalarning joriy etilishi
O‘zbekistonda “ijtimoiy karta"lar joriy etilishi haqida birinchi marta davlat rahbari 2024-yilning fevralida ma’lum qilgandi. O‘shanda tizimning birinchi bosqichi 1-oktabrdan ishga tushirilishi aytilgandi.
Iyul oyida bunday kartalar 2025-yildan mamlakatning barcha hududlarida joriy etilishi belgilandi. Mazkur karta bir vaqtning o‘zida ham to‘lov vositasi, ham ehtiyojmand toifani bildiradi. Ijtimoiy nafaqa va yordamlar karta orqali ko‘rsatiladi.
Davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tartibini yaxshilashga qaratilgan prezident qarori bilan 1-dekabrdan yangidan tayinlanadigan ijtimoiy to‘lovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” orqali taqdim etilishi belgilangandi.
Shu bilan birga, bosqichma-bosqich shaxsning nogironligini, talaba, o‘quvchi, urush qatnashchisi yoki urush qatnashchisiga tenglashtirilgan shaxs holatini tasdiqlash karta orqali amalga oshirilishi ko‘zlangandi.
Dekabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda tizim 2025-yilning 1-iyuligacha Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Mamlakatning barcha hududlarida esa yil yakunigacha ishga tushiriladi.
Joriy yilning yanvarida Yangiyo‘lda sinov tarzida fuqarolarga “ijtimoiy karta” berila boshlangandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda uy-joyni QQS bilan sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.