YouTube Donald Trampning akkauntini muzlatgani uchun $24,5 mln tovon puli to‘laydi, deya xabar bermoqda Reuters nashri.
Dushanba kuni taqdim etilgan sud hujjatlariga ko‘ra, YouTube AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan kompaniyaga qarshi qo‘zg‘atilgan da’voni hal qilish uchun tovon to‘lashga rozi bo‘lgan. Mazkur da’vo 2021-yil yanvar oyida Kapitoliydagi tartibsizliklardan so‘ng Trampning akkauntini to‘xtatgani sababli qo‘zg‘atilgan edi.
2021-yilda Tramp o‘zining YouTube akkauntini yo‘qotmagan bo‘lsa-da, unga yangi videolar yuklash taqiqlangan edi, 2023-yilda esa akkaunt to‘liq tiklandi.
Ushbu kelishuv natijasida Google 2021-yil iyulda Tramp tomonidan konservativ qarashlarni noqonuniy ravishda bostirishda ayblanib, sud da’volari kiritilgan uchta yirik texnologiya kompaniyasidan oxirgisi bo‘lib, bu nizolarni hal qilishga erishadi.
2021-yil iyul oyida Tramp Twitter (hozirda X) va Facebook egasi Meta, shuningdek, Google (Alphabet sho‘ba korxonasi) va ularning bosh direktorlarini sudga berdi.
Joriy yil boshida Meta va X sud da’volarini hal qilish uchun tovon to‘lashga kelishib olgan edi. Yanvar oyida Meta Trampning Facebook va Instagram akkauntlarini bloklaganligi uchun $25 mln to‘lashga rozi bo‘ldi. Kompaniya kelishuv doirasida Tramp prezidentlik kutubxonasi qurilishini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga $22 mln, qolgan to‘rtta da’vogarga $3 mln to‘laydi.
X fevral oyida Trampning shunga o‘xshash da’volarini hal qilish uchun taxminan $10 mln to‘ladi. Pulning bir qismi Trampning sud xarajatlarini qoplashga, qolgan qismi esa uning kelajakdagi prezidentlik kutubxonasiga sarflanishi mo‘ljallangan edi
YouTube bilan kelishuvga ko‘ra, $22 mln Tramp nomidan Tramp Oq uyda qurayotgan $200 mlnlik bal zali qurilishi bilan shug‘ullanuvchi Trust for the National Mall notijorat tashkiloti foydasiga to‘lanadi.
Qolgan summa ish bo‘yicha boshqa da’vogarlar, jumladan, Konservativ siyosiy harakatlar konferensiyasiga homiylik qiluvchi Amerika Konservativ ittifoqi va amerikalik yozuvchi Naomi Vulf o‘rtasida taqsimlanadi.
YouTube qoidabuzarlikni tan olmadi va kelishuv doirasida o‘z mahsuloti yoki siyosatiga o‘zgartirish kiritishni rad etdi.
Avvalroq Spot Paramount kompaniyasi Donald Trampga $16 mln tovon to‘lashi haqida yozgandi.
Bunga Tramp kompaniyaga tegishli CBS News telekanalini Kamala Harris bilan intervyuni to‘liq va tahrirsiz efirga uzatmagani uchun ayblagani sabab bo‘lgan.