Telegram asoschisi Pavel Durov jurnalist Leks Fridmanga bergan intervyusida 2013-yilda birinchi marta bitkoin sotib olganini ma’lum qildi.

U bir donasi taxminan $700 dan bir necha ming tanga xarid qilganini aytdi. “Shunchaki u yerga bir necha million joylashtirgan edim”, deb izoh berdi Durov.

Keyingi yili kurs keskin $200−300 gacha tushib ketganida, ko‘pchilik Durovga bitkoinga mablag‘ kiritgani uchun “dahshatli xato” qilganini aytishgan.

Biroq, tadbirkor kriptovalyutani sotishni o‘ylamasdi, chunki u unga “ishonardi.” Telegram asoschisining ta’kidlashicha, bitkoin mukammal ayirboshlash vositasidir, chunki oddiy pullarning davlat tomonidan “chop etilishi” inflyatsiyaga olib keladi, kriptovalyuta esa chiqarilishi cheklangan va davlat aralashuvidan himoyalangan.

Durovning qo‘shimcha qilishicha, u bitkoin investitsiya qilish orqali o‘z turmush tarzini moliyalashtira olgan, Telegram esa uning uchun hamon zararli loyiha bo‘lib qolmoqda.

“Bitkoinni sendan hech kim tortib olomaydi. Va siyosiy sabablar tufayli uni to‘sib qo‘yishmaydi. Men bitkoin $1 mln qiymatiga erishadigan payt kelishiga ishonaman”, — dedi u.

Iyul va avgust oylarida bitkoin tarixiy yuqori cho‘qqisini yangiladi — narxi $123,2 ming va $123,5 ming chegarasidan oshib ketdi.

Bloomberg kriptovalyutaning o‘sishini Donald Tramp prezidentligi davrida AQShdagi qulay tartibga solish siyosati hamda Maykl Seylorning Strategy singari ommaviy kompaniyalar tomonidan paydo bo‘lgan talab bilan bog‘ladi.

Bahor oylarida Tramp bitkoinning davlat zaxirasini yaratish tashabbusini ilgari surdi. Shuningdek, “AQShning raqamli moliya sohasidagi yetakchiligini mustahkamlash” to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi.

Avvalroq Coinbase bosh direktori Brayan Armstrong 2030-yilga kelib bitkoin qiymati $1 mlnga yetishi mumkinligini ma’lum qildi.

“2030-yilga kelib bitkoin narxi $1 mlnga yetadi, deb o‘ylayman”, — dedi Armstrong shu hafta X’dagi postda Cheeky Pint podkastidagi chiqishini e’lon qilar ekan.

Armstrongning kamdan-kam holatlarda aniq narx bashoratlarini e’lon qilishini hisobga olsak, ushbu prognoz alohida e’tiborga loyiq deb hisoblanmoqda.

2021-yilgacha X (ilgari Twitter) kompaniyasini boshqargan va Block (ilgari Square) to‘lov kompaniyasining hammuassisi bo‘lgan Jek Dorsi ham 2030-yilga kelib bitkoin qiymati $1 mlnga yetishi va bu chegaradan ham oshib ketishi ehtimolini ta’kidlagan.