1-oktabr kuni yarim tunda (Toshkent vaqti bilan soat 09:00 da) AQShda shatdaun rasman boshlanib, federal hukumat ishini muzlatib qo‘ydi. Bu AQSh Kongressi oktabr oyidan boshlanadigan yangi moliyaviy yil uchun byudjetni qabul qila olmaganidan keyin sodir bo‘ldi.
Reuters’ning yozishicha, AQSh Kongressi har yili aksariyat davlat muassasalari uchun xarajatlar to‘g‘risidagi qonunlarni ishlab chiqadi. Biroq, kamdan-kam hollarda bu ishni moliya yili boshlangunga qadar yakunlash mumkin.
Federal hukumat ishidagi uzilishlarning oldini olish uchun qonun chiqaruvchilar odatda byudjet ustida ishlashni tugatgunga qadar vaqtinchalik xarajatlar to‘g‘risidagi qonunlarni qabul qiladilar.
Amaldagi vaqtinchalik qonunning muddati 30-sentabrda tugadi. Respublikachilar va Demokratlar partiyalari esa AQSh prezidenti Donald Tramp yarim tungacha imzolashi lozim bo‘lgan qonunni uzaytirish bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi.
Shatdaun sababli AQSh hukumatining katta qismi o‘z faoliyatini davom ettirish uchun mablag‘ga ega emas. Oq uy aybni o‘zining siyosiy raqiblariga yuklab, shatdaunni “demokratlar” ishi deb atadi.
https://twitter.com/WhiteHouse/status/1973238038512935408
RBC nashrini aniqlashtirishicha, asosiy kelishmovchilik mavzusi yil oxirida muddati tugaydigan “Arzon sog‘liqni saqlash to‘g‘risida"gi qonun doirasidagi subsidiyalarni saqlab qolish masalasi bo‘lgan.
Demokratlar qonunga tegishli qoidalarni kiritishni, Medicaid imtiyozli tibbiy sug‘urta dasturini moliyalashtirishni qisqartirishni bekor qilishni, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasidagi muhim muassasalar — Kasalliklarni nazorat qilish markazlari va Milliy sog‘liqni saqlash institutlari uchun mablag‘larni kamaytirmaslikni yoqlab chiqmoqdalar.
1976-yildan buyon — hozirgi shatdaun 21-chi hisoblanadi. Oldingi shatdaun yetti yil avval, Trampning birinchi prezidentligi davrida sodir bo‘lgan edi. O‘shanda hukumat o‘z faoliyatini rekord darajadagi 35 kun davomida — 2018-yil 22-dekabrdan 2019-yil 25-yanvargacha to‘xtatib qo‘ygan edi.